502 15.10.2025
Mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yurtimiz mahallalaridagi haqiqiy holat atroflicha tahlil qilindi.
Dastlab, Davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda mahallalarda “yettilik” tizimi joriy etilib, kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam ajratish kabi 100 dan ziyod xizmatlar mahalla darajasiga tushirilgani hisobiga kambag‘allik va ishsizlik darajasi keskin qisqarganini mamnuniyat bilan taʼkidladi.
Mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirilgani, ular boshchiligida “yettilik” vertikal tizimi yaratilgani, berilgan yetarli sharoit, resurs va vakolatlar mahallalar ish samaradorligini oshirishga xizmat qilgani qayd etildi.
Yig‘ilishda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash masalalariga ham eʼtibor qaratilib, o‘tgan hafta imzolangan qarorga muvofiq Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib boradigan 33 ta tuman va 330 ta og‘ir mahalla belgilab olingani hamda ularga ajratilgan mablag‘lar haqida ham maʼlumotlar berildi.
Bir oy oldin “Tashabbusli byudjet” bo‘yicha yangi qaror qabul qilinib, mahallada odamlarning o‘zi faol bo‘lib boshlagan loyihalarga ko‘mak beradigan tizim joriy etilgani maʼlum qilingan edi. Joriy yildan boshlab Soliq qo‘mitasi yer va mol-mulk soliqlarini to‘langanlik darajasiga qarab, “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” reytingi eʼlon qilinishi, bunda 100 talikka kirgan mahallaga “Tashabbusli byudjet”ning yangi tizimi bo‘yicha infratuzilma xarajatining 75 foizi byudjetdan to‘lab berilishi qayd etildi. Shuningdek, ushbu mahallalarning har biriga qo‘shimcha 2 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilishi, Qonunchilik palatasi deputatlariga o‘z okrugidagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun har biriga 3 milliard so‘mdan mablag‘ berilishi belgilandi.
Yaratilgan imkoniyatlar hisobiga o‘tgan davr maboynida 7 mingta mahalla meva-sabzavot, gulchilik, asalarichilik, tikuvchilik, mebelsozlik, savdo va servis kabi 15 ta yo‘nalishga ixtisoslashgani, 3 ming 326 ta mahalladagi 50 foiz xonadon bu tizim bilan qamrab olingani bois 1,5 million oila daromadli bo‘lgani taʼkidlandi.
Biroq mahallalarga mikroloyiha qilish uchun yetarlicha resurs ajratilsada, barcha hokimlar va “mahalla yettiligi” ham bir xil ishlamayotgani tanqid ostiga olinib, mutasaddilarga barcha mahallada ixtisoslashuvni oxiriga yetkazish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunda mahallalar aholisi bilan uchrashib, ularning salohiyatidan kelib chiqib, aniq ixtisosligini belgilash, kamida 200 ming aholini band qiladigan mikroloyihalarni shakllantirish topshirildi.
Mahalla tizimi rahbarlariga ishchi guruhi tuzib, ishsizlikka qarshi yetarli chora ko‘rmagan 28 ta kichik tumanga borish hamda u yerdagi ishsizlik, kambag‘allik va jinoyatchilikni kelasi yili 2 karra qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Yig‘ilishda mahallalardagi ijtimoiy muhit va yoshlar tarbiyasi bo‘yicha yechim topilishi kerak bo‘lgan bir qator masalalar ham ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, oilalar o‘rtasidagi ajrimlarni keskin kamaytirish, erta nikohning oldini olish, aliment to‘lovi bilan bog‘liq masalalar to‘g‘risida fikr yuritilib, nikoh shartnomasini yanada takomillashtirish zarurligi bildirildi.
Yig‘ilishda mahalla “yettiligi” faoliyatini kompleks baholaydigan tizimni ishga tushirish, bundan buyon “yettilik” xodimlari bilan har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida yig‘ilish o‘tkazish taqiqlanishi belgilandi. Yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan fikrlar, belgilab berilgan vazifalar yurtimizdagi har bir mahallaga Yangi O‘zbekiston nafasini olib kiribgina qolmay, “mahalla yettiligi”ning yagona jamoa bo‘lib, hamjihatlikda ishlashiga keng yo‘l ochib beradi.
Akbar AXTAMOV,
partiyaning Samarqand viloyati Kengashi rais