Bugungi kunning eng muhim vazifasi


501     16.10.2025

Mamlakatimizda mahalla institutini isloh qilish, uni xalqqa yaqin va samarali tizimga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham mahalla tizimini yanada takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Keyingi yillarda mahallalarda “yettilik” tizimining joriy etilishi ijobiy natijalar bermoqda. Prezident tashabbusi bilan Yangi O‘zbekiston ruhi kirib borishi kerak bo‘lgan 33 ta tuman va 330 ta og‘ir mahalla belgilab olingani, ularga katta miqdorda mablag‘ ajratilayotgani – bu mahallalarning rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Mahallalarga yangi vakolatlar, jumladan, 5 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat mulkini auksionga chiqarish huquqining berilishi mahallalarning mustaqilligini taʼminlash, ularning o‘z daromadlarini shakllantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, tadbirkorlarga mahalla binolarini zamonaviy servis obyektlariga aylantirish uchun berilayotgan imtiyozlar ham iqtisodiy rivojlanishga katta turtki beradi.

Muhim jihati, viloyat va tuman hokimlari endi har bir mahalla kesimida qiladigan oylik ishlarini mahalliy Kengashlarda himoya qilib, aholiga hisobot beradi. Bu, o‘z navbatida, mahalliy boshqaruv tizimining shaffofligini taʼminlash, xalq bilan muloqotni kuchaytirish, mahallalarning rivojlanishiga yangicha surʼat bag‘ishlaydi.

Ayniqsa, Prezidentimiz yig‘ilishda mahallalardagi ijtimoiy muhit va yoshlar tarbiyasi bo‘yicha yechim topilishi kerak bo‘lgan bir qator masalalarga alohida eʼtibor qaratdilar. Jumladan, oilalarning ajralishi, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlash, erta nikohlar kabi muammolarga qarshi kurashish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish vazifalari belgilandi.

Qonunchilik palatasi deputatlariga o‘z okrugidagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun har biriga ma’lum miqdorda mablag‘ berilishi ham mahallalarni rivojlantirishga qaratilgan muhim qadamdir. Bu albatta deputatlarga juda katta imkoniyat degani. Chunki deputatlar ushbu mablag‘larni o‘z saylov okrugidagi mahallalarning infratuzilmasi, aholining turmush sharoitini yaxshilashga yo‘naltirishi mumkun bo‘ladi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Saylovoldi dasturida ham mahalla tizimini rivojlantirishga qaratilgan bir qator vazifalar belgilanganidan kelib chiqib, partiya vakillari bu boradagi barcha islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, ijtimoiy muhitni yaxshilash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash kabi ezgu ishlarda faol ishtirok etadi. Zero, islohotlarning ostonasi bo‘lgan har bir mahallaga Yangi O‘zbekiston nafasini olib kirish – bugungi kunning eng muhim vazifasidir.

 

Tajibay ROMANOV,
partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi,
Jo‘qorg‘i Kenges deputat