Boqiy qadriyatimiz va yorug‘ kelajagimiz asosi


586     16.10.2025

Mahalla – asrlar osha milliy urf-odat va an’analarimizni bezavol saqlab, xalqimiz uchun ezgulik va tarbiya beshigi, yaxshi qo‘shnichilik va hamjihatlik maskani bo‘lib kelmoqda. Zero, yurtimizda yashayotgan har bir inson o‘z hayotini, quvonchu tashvishlarini undan ayri holda tasavvur eta olmaydi.

So‘nggi yillarda mahallaning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va rolini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, soha rivojiga doir yuzga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham mahalla instituti maqomi mustahkamlandi. Barcha soha va yo‘nalishlar bo‘yicha mahallabay ishlash tizimi joriy qilindi.

Mahallada “yettilik” tizimi joriy qilinib, kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam ajratish kabi 100 dan ziyod xizmatlar mahalla darajasiga tushirilgani bugun barcha masalalarni shu yerning o‘zida bartaraf etishga zamin yaratdi. Mahallalarda tadbirkorlik rivojlanib, yangi ish o‘rinlari, doimiy daromad manbalari yaratilayotgani, barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhit mustahkamlanib, jinoyatchilik kamayib borayotgani fikrimiz isbotidir.

Prezidentimiz raisligida shu yil 14 oktyabr kuni mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ham “mahalla yettiligi”ga berilgan keng imkoniyat, resurs va vakolatlar uning nufuzini yanada oshirdi.

Yig‘ilishda mahallalardagi ijtimoiy muhit va yoshlar tarbiyasi bo‘yicha yechim topilishi kerak bo‘lgan bir qator masalalar ko‘rsatib o‘tildi. Aholining turmush farovonligini oshirish, ma’naviyatini yuksaltirish, ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda olib borilayotgan ishlar bugun yetarli darajada emasligi barchamizdan yanada mas’uliyat talab etmoqda.

Mahallada ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, ya’ni, jamiyatning kichik bo‘lagi bo‘lgan oilada shakllangan ma’naviy muhit - millat kelajagi bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalashda muhim rol o‘ynaydi. Oilalardagi tinch-totuvlik esa u yerdagi ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Videoselektorda oilalar ajrimlari, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlash, oilasi va bolalarini kredit qarzlari bilan tashlab ketish holatlari uchrayotgani, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi va erta nikohlarning salbiy oqibatlari barchani – hokimlar, “mahalla yettiligi”, nuroniylar, butun jamoatchilikni qattiq tashvishga solishi kerakligi aytib o‘tildi.

Oila qurish bu – nafaqat o‘zi, balki turmush o‘rtog‘i va farzandlari oldidagi katta mas’uliyat ekanini yoshlarga tushuntirish, ajrimlarda taraflar, ayniqsa, farzandlar og‘ir moddiy ahvolga tushishining oldini olish uchun nikoh shartnomasi tuzishning afzalliklarini targ‘ib qilish lozimligi urg‘ulandi.

Darhaqiqat, keyingi paytda muqaddas oila qo‘rg‘oniga putur yetib, bolalar tirik yetimga aylanib qolmoqda. Natijada jamiyatda yangi muammolar vujudga kelib, bolalarning ta’minoti va ayollarning turar joysiz sarson sargardon bo‘lishiga sabab bo‘lyapti. Qachonki, mahalla targ‘ibot joyimizga, xonadonlar – asosiy ishimiz, har bir farzand kelajagi – maqsadimizga aylansagina, bu muammolarni ijobiy bartaraf etish mumkin bo‘ladi.

Binobarin, xalqning, millatning kelajagi aynan oila bilan chambarchas bog‘liq. Har bir bolaning kelajakda kim va qanday inson bo‘lib kamol topishida oila muhim o‘rin tutadi. Lekin jamiyat va mamlakat ravnaqi uning ishtirokchilari harakati bilan amalga oshadi.

Biz deputatlar oilaning sog‘lomligi jamiyat mustahkamligi hamda mamlakat barqarorligi bilan uzviy bog‘liqligini saylovchilar bilan uchrashuvlarda fuqarolarimizga tushuntirishimiz, oilaviy ajralishlarning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot ishlariga ko‘maklashishimiz, oilaning muqaddasligi va jamiyatning asosiy bo‘g‘ini ekanligini yoshlar ongiga singdirishimiz lozim bo‘ladi.

Ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarga barham berish “mahalla yettiligi”ning bir jamoa bo‘lib xalq manfaati yo‘lida xizmat qilishi muhim va kechiktirib bo‘maydigan vazifasiga aylanishi kerak. Zero, mahalla aholisi birdam, hamjihat bo‘lsa, yechimsiz muammo, chorasiz masala qolmaydi.

 

Nigora LUTFULLAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.