910 17.10.2025
O‘zbekiston mintaqada nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy rivojlanish uchun ham muhim davlatlardan biri sanaladi. Shunday bir davrlar bo‘ldiki, xalqaro moliyaviy tashkilotlarning O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishi ular uchun xavfli hisoblangan.
Yangi O‘zbekiston islohotlarining natijasi sifatida ko‘ryapmizki, bugun mamlakatimizni tom ma’noda o‘zining haqqi bo‘lgan Markaziy Osiyoning asosiy davlati sifatida ko‘rish, mintaqa taraqqiyot uchun muhim bir tugunlar birlashgan joy sifatida talqin qilish boshlandi. Kuni kecha Davlat rahbari tomonidan poydevori qo‘yilgan Xalqaro aeroport ham bu maqsadlarning yaqqol namunasidir.
Dunyoning yirik kompaniyalari Saudiya Arabistonining “Vision Invest”, Yaponiyaning “Sojitz” va Koreya Respublikasining “Incheon” kompaniyalari Toshkentda xalqaro aeroport qo‘rish bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga, ya’ni davlat kafolatlarisiz bo‘lsa ham katta miqdorda investitsiya kiritishga rozilik berdi.
Albatta, bunday kompaniyalar o‘z investitsiyalarini behudaga kiritmaydi. Bu ulkan majmua esa butun mintaqani qamrab oladigan va o‘zini oqlaydigan loyiha sifatida baholanmoqda.
Yangi aeroport to‘rt bosqichdan iborat bo‘ladi va birinchi bosqichi 2,5 milliard dollardan iborat aerovokzal va aerodrom quriladi. Yangi aeroport O‘zbekiston ehtiyojini qondirish darajasida bo‘ladi. Ya’ni, bir soatda 30 ta havo kemasi uchish-qo‘nish operatsiyalarini amalga oshirishi, bir vaqtning o‘zida 22 ta samolyotga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Bir yil davomida 20 million nafardan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi. Bugungi aeroportimiz esa shahar o‘rtasida joylashgani hamda kengaytirish imkoniyati cheklangani bois, ehtiyojimizni to‘la qondira olmayapti.
Markaziy Osiyo uchun juda muhim bo‘lgan havo xabining aynan Toshkentda bunyod etilishi bejizga emas. Butun investitsiya hamda siyosiy maslahatlashuvlar markaziga aylanayotgan Toshkent ushbu yirik loyiha orqali mintaqani iqtisodiy rivojlanishi uchun ham asosiy markazga aylanadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bugun nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun turkiy dunyo hamda rivojlangan davlatlar ham O‘zbekiston bilan yaqin iqtisodiy hamkorlik qilib kelmoqda. Bu albatta, Yangi O‘zbekiston islohotlariga bo‘lgan ishonchdir.
O‘zbekiston uzoq yillar foydalanilmagan an’anaviy turistik imkoniyatga ega davlat hisoblanadi. Mamlakatimizda tarixiy obyektlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, juda kam sonli turistlar kelishining sabablari bor edi, albatta. Bu yo‘l infratuzilmasi, xizmat sifati jahon talablariga javob bermasligi bilan bog‘liq masalalardir.
So‘nggi sakkiz yilda sayyohlar kelishi 3 milliondan 10 millionga oshdi va bu qachonlardir biz uchun orzu edi. Lekin hozirgi kunda bu real imkoniyatlarimizni qoplay olmaydi, albatta. Chunki imkoniyatlar yangi aeroport, yangi yo‘llar qurilishi, xizmat ko‘rsatishning yaxshilanishi bilan bog‘liq.
Yana bir muhim jihat shundaki, yangi aeroportning qurilishi bilan birga hududlarda yana yettita aeroport rekonsturksiya qilish rejalashtirilmoqda va bu bilan turistlar uchun yanada ko‘p qulaylik yaratiladi. Yangi loyiha natijasida O‘zbekiston iqtisodiyotiga 27 milliard dollargacha daromad kelishi, turistlar oqimi esa 2030-yilga borib 15 milliondan oshishi kutilyapti.
Ushbu loyihani Yangi O‘zbekiston rivojlanish maqsadlari – qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, odamlarning daromadini oshirish, yalpi ishchi mahsulotni ko‘paytirish va mamlakatimizni qudratli bir davlatga aylantirishdek ezgu g‘oyalarga xizmat qiluvchi yirik va aniq iqtisodiy qadamlar sifatida baholanilishi lozim.
Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari.