Mahalla — fuqarolik jamiyatining tayanchi


478     17.10.2025

Mahalla o‘zbek xalqining birdamligi va mehr-oqibati ifodasidir. Bugun u oddiy tashkiliy birlik emas, balki fuqarolik jamiyatining tayanchi, xalq bilan davlat o‘rtasidagi muhim ko‘prikka aylangan.

Islohotlar natijasida mahalla tizimi yangilanib, inson manfaatiga xizmat qiluvchi, hayotiy muammolarga yechim topuvchi zamonaviy, ijtimoiy institutlardan biri sifatida shakllandi. Xususan, mahalla tizimida “yettilik” vertikali joriy etilganidan keyin yurtdoshlarimiz kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam kabi 100 dan ortiq xizmatlardan mahalladan chiqmay foydalanadigan bo‘ldi.

Kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan choralar natijasida 7,5 million kishining kambag‘allikdan chiqishiga erishilib, ishsizlik darajasi ikki barobar kamaydi. Shuningdek, 3,5 ming mahalla zamonaviy qiyofaga kirdi. Mahalla raislari vakolat muddatining 3 yildan 5 yilga uzaytirilishi faoliyat barqarorligi va mas’uliyatini oshirdi.

Shunday bo‘lsada, ayrim hududlardagi “mahalla yettiligi”da yagona jamoa bo‘lib ishlash madaniyati yetarlicha shakllanmagani bilan bog‘liq holatlar ham kuzatilmoqda.

Prezidentimiz raisligida mahalla tizimidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish hamda joylarda ishlarni samarali tashkil etishga oid videoselektor yig‘ilishida bu haqda maʼlum qilindi. Davlatimiz rahbari tizimda erishilgan natijalarni yanada mustahkamlashga eʼtibor qaratib, qator yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan, hududlarda infratuzilmani rivojlantirishga manzilli yondashuv asosida respublikadagi 33 ta tuman va 330 ta “og‘ir” mahalla alohida dastur asosida qo‘llab-quvvatlanishi, har bir tumanga 100 milliard so‘mdan, har bir mahallaga esa 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilishi eʼlon qilindi. Shuningdek, Jahon banki va Islom taraqqiyot bankidan jalb etilgan 100 million dollar ham aynan shu maqsadga yo‘naltirilishi, umuman olganda, dasturni moliyalashtirish uchun 7 trillion so‘mdan ortiq resurs yo‘naltirilishi taʼkidlandi.

Bu mablag‘lar infratuzilma rivojiga o‘ziga xos impuls beradi. Yo‘llar, ichimlik suv tarmoqlari, ijtimoiy obyektlarni barpo etish bilan birga odamlarda ishonch va tashabbus muhitini yaratish hamda kuchaytirishga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda “Tashabbusli byudjet” loyihasi ham yanada takomillashmoqda. Endi mahalla aholisi yo‘l, maktab yoki bog‘chani taʼmirlay boshlasa, xarajatning yarmini davlat qoplashi, kelgusi yilda 1000 ta shunday fuqarolik tashabbuslariga 500 milliard so‘m ajratilishi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” reytingi joriy etiladi. Yer va mol-mulk solig‘ini o‘z vaqtida to‘lagan eng ilg‘or 100 mahalla infratuzilma xarajatining 75 foizi davlat hisobidan qoplanadi va har biriga qo‘shimcha 2 milliard so‘m beriladi. Bu tizim fuqarolarning faolligini oshirish bilan birga mahallalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantiradi.

Qonunchilik palatasi deputatlariga o‘z okrugidagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun 3 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilishi aytib o‘tildi. Bu mexanizmning amaliyotga tatbiq etilishi ham mahalliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdagi muhim qadamdir. Shuningdek, yig‘ilishda mahallalarning ixtisoslashuvini kuchaytirish, ularning moliyaviy mustaqilligini mustahkamlash bo‘yicha ham tashabbuslar bildirildi.

Bugun mahalla nafaqat ijtimoiy, balki iqtisodiy tizimning ham muhim bo‘g‘iniga aylanmoqda. Shu kunga qadar 7000 ga yaqin mahalla meva-sabzavotchilik, gulchilik, asalarichilik, tikuvchilik, mebelsozlik, savdo va xizmat ko‘rsatish kabi 15 yo‘nalishga ixtisoslashdi. Natijada 1,5 million oila doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, hali 2300 dan ortiq mahallada ixtisoslashuv pastligi, har bir mahallada aholi salohiyatidan kelib chiqib, aniq yo‘nalish belgilash, kamida 200 ming kishini band qiladigan mikroloyihalarni ishlab chiqish vazifasi mutasaddilarga yuklatildi.

Bundan tashqari, mahallalarga bo‘sh turgan davlat binolarini auksionga chiqarish vakolati berildi. Sotuvdan tushgan mablag‘ning 70 foizi mahalla ixtiyorida qolib, infratuzilmaga sarflanishi taʼkidlandi. Bu esa mahallalarning moliyaviy mustaqilligini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, xususiy sheriklik asosida qurilgan 1000 ga yaqin zamonaviy mahalla binolarida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar — shaharlarda 3 yil, qishloq hududlarida esa 7 yil muddatga yer va mulk solig‘idan ozod etilishi mahalla infratuzilmasini rivojlantirish bilan birga xususiy sektor faolligini yanada rag‘batlantirishga hissa qo‘shadi.

Yig‘ilishda mahallalarning ozodalik, sanitariya va ekologik holatiga alohida eʼtibor qaratish bo‘yicha respublika bo‘ylab “Tozalik va ozodalik oyligi” eʼlon qilinib, hokimlar va “mahalla yettiliklari” tomonidan 24 soatlik tozalash brigadalari tashkil etilishi, “Toza hudud” korxonalari va ichki ishlar organlari bu jarayonga to‘liq safarbar etilishi ham aytib o‘tildi.

Shuningdek, Prezidentimiz “mahalla yettiliklari”ni, nuroniylar va keng jamoatchilikni yoshlar tarbiyasi va oilaviy munosabatlarga oid muammolarning oldini olish borasida faollikka, oilaviy barqarorlikni taʼminlash uchun profilaktika va targ‘ibot ishlarini kuchaytirishga chaqirdi.

Davlatimiz rahbari mahallaning islohotlar ostonasi sifatidagi rolini mustahkamlash uchun natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv madaniyati zarurligini taʼkidlab, “yettilik” faoliyatini baholaydigan yagona tizim joriy etilishi, yil yakunida eng yaxshi 10 ta “yettilik” mukofotlanishi, har oy “mahalla yettiligi” o‘z faoliyati bo‘yicha aholiga hisobot berib borishini qayd etdi. Bu orqali jamoatchilik nazorati va ochiqlik madaniyati mustahkamlanadi.

O‘zbekistonda mahalla institutiga yangi imkoniyatlar berish orqali o‘zini o‘zi boshqarishni yanada chuqurlashtirish, fuqarolarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, pirovardida barqaror taraqqiyot yo‘nalishiga olib chiqadigan samarali tizim yaratiladi.

Bu jarayon esa davlatimiz rahbarining taʼbiri bilan aytganda, “Islohotlarimizning ostonasi bo‘lgan har bir mahallaga Yangi O‘zbekiston nafasini olib kirish, eng avvalo, “mahalla yettiligi”ning yagona jamoa bo‘lib ishlashiga bevosita bog‘liq”.

Mazkur g‘oya mahalla institutining yangi missiyasini belgilaydi. Endi u faqat ijtimoiy masalalarni hal qiluvchi tuzilma emas, balki fuqarolik masʼuliyati, iqtisodiy faollik va maʼnaviy yuksalish markaziga aylanishi zarur.

Azamat PARDAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2025-yil 17-oktyabr sonidan olindi