544 17.10.2025
Qonunchilik palatasida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi hamkorligida “Yangi avlod tarbiyachi va pedagoglarini tayyorlashning zamonaviy tendensiyalari” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, taʼlim va tarbiyadir. Shu bois, mamlakatimizda taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash uchun katta kuch va mablag‘ ajratilmoqda. Tizim faoliyatini tubdan takomillashtirish, o‘qitishning ilg‘or uslublarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti.
Xususan, maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari uchun yagona yondashuv asosida pedagog kadrlar tayyorlash konsepsiyasi tasdiqlandi. Xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda pedagogika oliy taʼlim tashkilotlarining xalqaro taʼlim dasturlari joriy etilgan taʼlim yo‘nalishlarida dars berish uchun professor-o‘qituvchilarni tanlab olish tizimi joriy etildi. O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida aniq fanlar oliy pedagogik maktabi tashkil etilib, akademik faoliyati raqamlashtirilgan boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, pedagogika oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining malakaviy pedagogik amaliyotini “4+2” tartibida tashkil etish hamda taʼlim jarayonlarida dual taʼlim shaklidan foydalanish tartibi ishlab chiqilgan.
2025-yilning o‘tgan davrida 1 207 nafar maktab direktori, 1 181 nafar maktab direktorligiga nomzodlar, 893 nafar maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori, 380 nafar MTT direktorligiga nomzodlar menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitildi. Bundan tashqari, 2025-yildan boshlab besh yilda bir marta 100 soatlik dastur bo‘yicha majburiy malaka oshirish tartibi belgilangan. Malaka oshirish jarayonlarini samarali tashkil etish maqsadida xorijiy taʼlim tashkilotlari bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Seminarda taʼlim muassasalari o‘quvchilarining bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, o‘qituvchi kasbi nufuzini oshirish, darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni zamon talablari asosida takomillashtirish bo‘yicha qator takliflar berildi. Yakunda berilgan takliflar asosida tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Hamdam Niyozov
partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i