“O‘zbek tili korpusi”


585     17.10.2025

Partiya Markaziy kengashida “O‘zbek tili – sunʼiy intellekt davrida: milliy maʼlumotlar maydoni sari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

21-oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekistonda IT, jumladan, sunʼiy intellektni rivojlantirishga masʼul bo‘lgan vazirlik va idoralar vakillari va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari ishtirok etdi.

So‘nggi yillarda sunʼiy intellekt shiddat bilan rivojlanib, hayotimizning barcha sohalariga shunchalik tez kirib boryaptiki, inson idroki mahsuli bo‘lgan bu dastur orqali har qanday mushkul masalalarga tez, oson va qulay yechim topilyapti, og‘irimiz yengil bo‘lyapti. Rivojlangan davlatlarda esa SIni rivojlantirishga bo‘lgan eʼtibor kuchayib, millionlab, milliardlab dollar daromad ko‘ra boshladi. Olimlarning fikricha, sunʼiy intellekt bashariyat tarixida o‘ziga xos yangi davrni boshlab beradi. 

O‘zbekistonda ham sunʼiy intellektni joriy etish va rivojlantirish, ayniqsa, davlat xizmatlarini mazkur dastur yordamida takomillashtirishga katta eʼtibor qaratilayotganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan esada, bu borada yaxshi natijalarga erishmoqda. Mamlakatimiz 2024-yilda SIga tayyorlik global reytingida 17 pog‘ona yuqorilab, 70-o‘rinni egalladi.

Bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida “O‘zbekistonda sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi” ham qabul qilingandi. Unda SI asosida yaratilgan mahsulotlar va xizmatlar hajmini 1,5 mlrd. dollarga, Davlat xizmatlari portalida xizmatlar ulushini 10 foizga yetkazish, 10 ta ilmiy laboratoriya tashkil etish va Hukumatning sunʼiy intellektga tayyorlik indeksida O‘zbekiston o‘rnini birinchi 50 ta davlatlar qatoriga kiritish vazifalari belgilangan.

Bugun o‘zbek tilini Internet tiliga aynatirish, xalqaro axborot tarmog‘ida o‘zbekcha maʼlumotlarni ko‘paytirish, raqamli makonda davlat tilini keng joriy etishga mo‘ljallangan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, o‘zbek tilini axborot texnologiyalari sohasidagi yirik dasturlar tili qatoriga kiritish muhim vazifalarga aylandi. Chunki bu masalani hal qilmay turib, SI orqali o‘zbek tilida mukammal maʼlumotlarni topib bo‘lmaydi. Yaʼni, sunʼiy intellekt mavjud maʼlumotlar ustiga quriladi. Dastlabki bosqichda katta hajmda raqamlashgan maʼlumotlarga ega bo‘lish lozim.

Albatta, bunda dunyo miqyosida tez surʼatlarda yaratilayotgan til korpuslarining o‘rni muhim. “2025-2026-yillarda sunʼiy intellekt texnologiyalari sohasida ustuvor loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda ham “O‘zbek tili korpusi” yaratish uchun maʼlumotlar to‘plamini ko‘paytirish vazifalari belgilangan.

Davra suhbatida “O‘zbek tili korpusi”ni yaratish borasida qilinayotgan ishlar, qonunchilik bilan bog‘liq o‘zgarishlar, muammo va kamchiliklar tahlil qilinib, soha mutaxassislari tomonidan fikr-mulohazalar, takliflar bildirildi.  

Tadbir yakunida davlat tilining maqomi va nufuzini oshirishni ustuvor vazifa bilgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamda sunʼiy intellekt rivojiga masʼul bo‘lgan vazirlik va idoralar o‘rtasida “Anglashuv memorandumi” imzolandi. Maqsad “O‘zbek tili korpusi”ni yaratish orqali Internet tarmog‘ida o‘zbek tilining to‘laqonli qo‘llanilishini taʼminlash, maʼlumotlarni ko‘paytirish va raqamlashtirish, bu borada turli dasturlar ishlab chiqish, yoshlar va tadqiqotchilar o‘rtasida til va raqamli madaniyat mavzusida ilmiy va amaliy tanlovlar tashkil etishdan iboratdir.