528 21.10.2025
Ona tili – millat ma’naviyatining mustahkam poydevori hisoblanadi. Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir.
Tilni sevish, uni ardoqlash, millatni sevish va uni qadrlash bilan teng. Ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashishimiz kerak.
Bugungi kunda jahonning barcha mamlakatlarida davlatimiz delegatsiyalari tashrifi, yoshlarimizning yutuqlari, sportchilarimiz g‘alabalari sharafiga o‘zbek tilida madhiyamiz kuylanayotir.
Ko‘p millatli xalqimizni yuksak ma’rifatli jamiyat barpo etishdek ezgu maqsad yo‘lida jipslashtirish, yurtdoshlarimiz qalbiga yagona Vatan, umumiy farovon kelajak tuyg‘usini singdirishda o‘zbek tili birlashtiruvchi ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonni har tomonlama taraqqiy ettirish, Uchinchi yuksalish davri poydevorini yaratishga qaratilgan tarixiy islohotlar jarayonida o‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilib, mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning hayotimizdagi o‘rni va ta’sirini oshirish borasida yangi bosqich boshlandi.
Xususan, 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni deb belgilandi. Davlat tilining nufuzi va maqomini yuksaltirishga qaratilgan farmon va qarorlar, me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Ushbu yo‘nalishda 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiya va alohida dastur hayotga joriy etilmoqda.
Mamlakatimizda o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash hajmi hamda ilmiy tadqiqotlar soni ortib bormoqda. Hozirgi kunda ko‘plab oliygohda ushbu mutaxassislik bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida ham fan nomzodlari va doktorlari, professor-o‘qituvchilar o‘zbek tili va adabiyotidan dars berayotir.
O‘tgan davrda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida turli tashkilot va idoralarda mehnat qilayotgan 33 mingdan ortiq xodim o‘qitildi. Shuningdek, o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan vatandoshlarimiz uchun ushbu markaz va uning hududiy bo‘limlarida bepul o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yildi.
Tilimizni o‘rganish va targ‘ib qilishga e’tibor yanada kuchaytirilib, Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbek tili bayramini nishonlash bo‘yicha qonun qabul qilindi. Bu boradagi sa’y-harakatlar tufayli jamiyat hayotida davlat tilining qo‘llanish doirasi tobora kengayib, u xalq dilining chinakam ko‘zgusiga aylandi.
Davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan o‘zbek tilida nutq so‘zlaganlari nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun dunyodagi o‘zbek tilida so‘zlashadigan aholining ko‘ngillarini faxru g‘ururga to‘ldirdi.
Prezidentimizning “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratishda muhim huquqiy asos bo‘ldi.
Mamlakatimiz rahbarining joriy yil 20-oktabrdagi “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalanish, ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish tizimini takomillashtirish, uning sofligini saqlash va muntazam boyitib borishga xizmat qilishi bilan e’tiborga molik.
E’tiborlisi, o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotining sara namunalari xorijiy tillarga tarjima qilinib, chet ellik kitobxonlarning ham e’tiborini qozonmoqda. Iste’dodli olim va ijodkorlarimiz qalamiga mansub ilmiy va badiiy asarlar nufuzli xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lmoqda.
Xorijiy davlatlar o‘quvchilari o‘rtasida O‘zbek tili va adabiyoti xalqaro olimpiadasini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani ham ona tilimizni keng targ‘ib qilishga xizmat qilayotir. Ayni vaqtda jahon miqyosida 50 millionga yaqin kishi o‘zbek tilida so‘zlayotgani, ko‘plab mamlakatlarda bu go‘zal va jozibali til katta ishtiyoq bilan o‘rganilayotgani har birimizga ulkan g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Millatning birinchi ramzi uning tilidir. Shuning uchun har qanday davlat o‘zining madaniy merosi va ona tilini alohida e’zozlab, hurmat qiladi. Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy aytganidek, har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadigan oyinai hayoti – bu uning milliy tili va adabiyotidir.
Nigora LUTFULLAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.