442 22.10.2025
O‘zbekiston tarixining yangi bosqichida inson qadri, mehnatini ulug‘lash, ijtimoiy adolatni taʼminlash mamlakat taraqqiyotining bosh maqsadiga aylandi. Bu g‘oya nafaqat iqtisodiy islohotlarning, balki jamiyatda yangi mafkuraviy muhit – masʼuliyat, halollik va mehnatsevarlik madaniyatining shakllanishiga ham xizmat qilmoqda.
Prezidentning kasaba uyushmalari vakillari bilan o‘tkazgan muloqoti ham jamiyat hayotida mehnat, inson shaʼni va ijtimoiy himoya masalalariga berilayotgan eʼtiborning yorqin namunasi bo‘ldi. Bu uchrashuv nafaqat kasaba uyushmalari faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan strategik yondashuv, balki O‘zbekistonning ijtimoiy siyosati milliy qadriyatlar bilan uyg‘unlashayotganini ko‘rsatadigan tarixiy voqeadir.
Bugungi kunda kasaba uyushmalari 8 millionga yaqin aʼzoni birlashtirgan eng yirik nodavlat tuzilma sifatida mehnatga oid qonunlar va inson manfaatlarini himoya qilishda faol ishtirok etmoqda. Keyingi yillarda 500 mingdan ortiq xodimning huquqlari tiklandi, 267 milliard so‘mlik to‘lovlar ular foydasiga undirildi, 13 mingdan ortiq xodim ishga qaytarildi. Bu faqat statistika emas – bu minglab oila taqdiri, hayotga bo‘lgan ishonchdir.
Kasaba uyushmalari faoliyati orqali mamlakatimizda “ijtimoiy davlat” tamoyili bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etilmoqda. Ular faqat mehnat munosabatlarida emas, balki mahalla, oila, ayollar va yoshlar hayotida ham faol subyektga aylanyapti. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi, shuningdek, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida” va “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunlar mehnat sohasida konstitutsiyaviy tamoyillarni mustahkamladi. Yaʼni, ushbu hujjatlar ish beruvchi bilan xodim o‘rtasida adolatli munosabatlarni taʼminlab, ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun keng imkoniyatlar yaratdi. Yangi qonunlar kasaba uyushmalarini faqat oraliq vositachi emas, balki ijtimoiy adolat va milliy mehnat madaniyatini shakllantiruvchi institut sifatida eʼtirof etilmoqda. Shuningdek, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonun ishsizlikka qarshi kurashda samarali tizim yaratdi: ishsizlar malakasini oshirish, raqamli ko‘nikmalarni berish orqali barqaror bandlikka erishilmoqda.
O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotining 25 ta konvensiyasini ratifikatsiya qilgan bo‘lib, bu – inson huquqlarini tan olish va majburiy mehnatga barham berish borasidagi yutuqlarni ko‘rsatadi. Yurtimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatning ildizi bilan yo‘q qilinishi xalqaro miqyosda eʼtirof etildi.
Prezident tomonidan ilgari surilgan taklif – eng kam ish haqini uch tomonlama komissiya asosida belgilash – ijtimoiy sheriklikning yangi modeliga asos yaratadi. Shuningdek, “Ayollar daftari” orqali 4,5 milliondan ortiq ehtiyojmand xotin-qizlarga ko‘mak ko‘rsatildi.
Kasaba uyushmalari “Ayollar manfaati yo‘lida” shiori asosida gender tengligi va mehnat qulayligini taʼminlash borasida ham faol harakat qilmoqda. Bugungi raqamli transformatsiya davrida 6 milliondan ortiq o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro bo‘lib, yangi iqtisodiy qatlam kasaba uyushmalari oldiga ham zamonaviy vazifalarni qo‘ymoqda. Platforma ishchilarining huquqlarini himoya qilish, ularning xavfsiz va barqaror mehnatiga sharoit yaratish dolzarb masalaga aylanmoqda.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, mamlakatimiz o‘z taraqqiyot yo‘lida yangi bosqichga kirdi. Bu bosqichda har bir inson o‘z mehnati bilan Vatan ravnaqiga hissa qo‘shayotgani, buning evaziga munosib eʼtibor, rag‘bat va adolatli baho olayotgani – Yangi O‘zbekiston g‘oyasining hayotiy kuchga ega ekanini tasdiqlaydi.
Elyor KELDIYOROV,
partiya Markaziy kengashi kasaba uyushmasi raisi