540 22.10.2025
Til bu xalqning ruhi, tarixiy xotirasi va maʼnaviy boyligi hisoblanadi. O‘zbek tili xalqimizning ana shunday bebaho merosi bo‘lib, ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan milliy g‘urur va o‘zligimiz timsolidir. Shu bois, bugungi kunda davlat tilining nufuzini oshirish, uni hayotning barcha jabhalarida keng qo‘llash nafaqat til siyosati, balki milliy taraqqiyot masalasiga aylandi.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi. Ushbu hujjat milliy o‘zligimiz, maʼnaviyatimizning eng muhim asoslaridan biri bo‘lgan o‘zbek tilining nufuzini yanada yuksaltirishga qaratilgan navbatdagi muhim qaror bo‘ldi.
Qaror davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan asosiy maqsadlar – mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalanish, uning ilm-fan tili sifatidagi mavqeini oshirish, tildagi soflikni saqlash va lug‘at boyligini boyitib borish, shuningdek, zamonaviy axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt imkoniyatlariga integratsiyalashuvi kabi dolzarb vazifalarni o‘z ichiga olgan.
Shuningdek, yosh avlodda davlat tiliga muhabbat va eʼtiqodni mustahkamlash, o‘zbek tili o‘qituvchilarining mehnatini rag‘batlantirish maqsadida bir qator amaliy tashabbuslar ilgari surilgan. Jumladan, umumtaʼlim maktab o‘quvchilari o‘rtasida insholar tanlovi, “Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” respublika tanlovi hamda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasini har yili o‘tkazish belgilangan. Eng quvonarlisi, mazkur olimpiada g‘oliblari uchun oliy taʼlim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga kirish imkoniyati yaratiladi. Bu esa yoshlarimizni ona tilini chuqur o‘rganishga, uni sevishga va ulug‘lashga undaydi.
Davlat tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish ham mazkur qarorning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bu yo‘lda xorijdagi vatandoshlarimiz bilan hamkorlikni kuchaytirish, ularning o‘zbek tilini o‘rganishi va targ‘ib etishi uchun qulay shart-sharoit yaratish rejalashtirilgan. Shu tariqa, o‘zbek tili nafaqat mamlakatimizda, balki dunyo miqyosida ham o‘z o‘rnini topmoqda.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, Prezident qarorida belgilangan vazifalar millatimizning maʼnaviy qiyofasini mustahkamlash, yoshlar ongida vatanparvarlik va milliy g‘urur tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyaga ega bo‘ladi. Zero, til xalqning ruhi, tafakkuri va kelajagi, bebaho maʼnaviy boyligidir.
Ruslan JUMAMURATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati