Birdamlik va adolatparvarlik yo‘lidagi hamkorlik


709     23.10.2025

Shu kunlarda dunyo parlamentlarini birlashtiruvchi xalqaro tuzilma - Parlamentlararo Ittifoqning 151-assambleyasi bo‘lib o‘tmoqda. Assambleya doirasida xotin-qiz parlamentariylar, yosh deputatlar forumlari va doimiy qo‘mitalar yig‘ilishlari o‘tkazilyapti.

Parlamentlararo Ittifoqning 151-assambleyasi doirasida Parlament ayol a’zolari forumida “Birdamlik va ilhom: ayollarni o‘z yo‘lida qo‘llab- quvvatlash” mavzuida global ahamiyatga molik masalalar muhokama qilindi.

E’tibor qaratsak, ushbu mavzu juda dolzarb. Chunki unda jamiyat taraqqiyoti, barqaror rivojlanish omillari ayollarning faolligiga bog‘liqligi ifodalangan. Bu esa xalqaro maydonda ayollar imkoniyatlarini kengaytirish, ularni har tomonlama qo‘llab- quvvatlashni bugunning eng muhim vazifasi etib belgilaydi.

Shu yil aprel oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan PIning 150-yubiley assambleyasida ham bu masalaga alohida e’tibor qaratilgan edi va Parlament ayol a’zolari forumida “Gender tenglikka erishamiz: harakatlar ketidan harakatlar!” shiori ostida gender tenglik bo‘yicha yangi kampaniya e’lon qilingan edi.

Fikrimizcha, ayni kunlarda o‘tayotgan bu xalqaro tadbir mantiqan 150-yubiley assambleyaning davomi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki unda ko‘tarilgan masalalar ayollarni o‘z yo‘lida qo‘llab-quvvatlash nafaqat davlat siyosatining, balki har birimizning ma’naviy burchimiz ekanligini uqtiradi. Anjumanda yana bir bor ayollarning ta’lim olishlari, ish bilan munosib bandligi, ularni tadbirkorlikka yo‘naltirish, ma’naviy va ruhiy ko‘mak, ayollar bir-birini qo‘llab-quvvatlaydigan maydonni kengaytirish bu boradagi eng ustuvor vazifalardan bo‘lishiga e’tibor qaratildi.

E’tirof etish kerakki, O‘zbekistonda bu borada katta tajriba bor. Ayollarni ijtimoiy-siyosiy hayotga jalb etish yo‘nalishidagi davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida har bir mahalla, har bir xonadongacha kirib boradigan tizim yaratilib, uning samarali ijrosi bugungi kunda o‘z natijasini ko‘rsatmoqda.

Bugun ayollarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga, tadbirkorlikda 45 foiz, siyosiy partiyalardagi ulushi qariyb 50 foizga yetdi. Xotin-qizlarning ayni kunlarda parlamentdagi ulushi Oliy Majlis Senatida qariyb 27 foiz, Qonunchilik palatasida - 38, mahalliy Kengashlarda esa 32,5 foizga yetdi. Bu ko‘rsatkichlarni dunyo parlamentarizmi holatiga taqqoslaydigan bo‘lsak, jahon parlamentida ayollarning ulushi 2024-yilda 26,9 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich mamlakatimizda 32 foizdan 38 foizga o‘sdi.

Mazkur anjumanda ham Toshkentda bo‘lib o‘tgan 150-yubiley assambleyaning yuksak darajada tashkil etilgani aytilib, uning doirasida o‘tkazilgan xotin-qizlar forumining o‘ziga xos o‘rni va qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasining tarixiy ahamiyati yana bir bor e’tirof etildi.

Forumda O‘zbekiston tomonidan xotin-qizlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan kompleks yondashuvlar ilgari surilib, parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirish, bilim va yetakchilik imkoniyatlarini kengaytirish hamda inqiroz sharoitida qolgan ayollarga amaliy yordam ko‘rsatishni o‘z ichiga olgan tashabbuslar taqdim qilindi.

Hozirgi ziddiyatli davrda dunyoning turli mintaqalaridagi qurolli mojarolar, siyosiy beqarorlik va tabiiy ofatlar millionlab insonlar ahvolini og‘irlashtirmoqda. O‘zbekiston esa xalqaro insonparvarlik tashabbuslarida faol ishtirok etib BMT, YEXHT kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda turli insonparvarlik loyihalarini amalga oshirib kelmoqda. Bu sa’y-harakatlar O‘zbekistonning xalqaro hamjihatlik tamoyillariga sodiqligini yaqqol ko‘rsatadi. Qolaversa, o‘zbek xalqining ma’naviy qadriyatlari orasida insoniylik va hamdardlik tamoyiliga alohida e’tibor berilishi xalqimizning millatlararo munosabatlarda ham bu tamoyillarga sodiqligini namoyon etib turibdi.

Sessiyada parlamentlar o‘rtasida qonunchilik va raqamli hamkorlikni chuqurlashtirish, gumanitar resurslarni samarali va manzilli yo‘naltirish, global tashabbuslarga moliyaviy ishtirokni kengaytirish hamda professional kadrlar tayyorlash kabi aniq tashabbuslar ilgari surildi.

Mazkur assambleya dunyo parlamentlarini insonparvarlik, birdamlik va tinchlik yo‘lida birlashtirishga, xalqaro hamjihatlik va insonparvarlik yondashuvini, shuningdek, jahon parlamentlarining barqaror tinchlik va adolatparvarlikka qaratilgan hamkorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

 

Jamila BOBANAZAROVA,
Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar,
tashqi iqtisodiy aloqalar,
xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi a’zosi.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2025-yil 22-oktabr sonidan olindi.