500 23.10.2025
So‘nggi yillarda yurtimizda davlat tiliga bo‘lgan eʼtibor nihoyatda kuchaydi. Bu borada Prezidentimizning 2019-yil 21-oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2020-yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari hamda 2020 — 2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi muhim ahamiyat kasb etadi.
Xususan, kuni kecha eʼlon qilingan “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori bu borada yanada anik va ulkan maqsadlarni belgilab berdi. Unda ijtimoiy-siyosiy hayotimizning barcha sohasida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq hamda samarali foydalanish, taʼlim tadqiqotlarida o‘zbek tilini o‘qitish tizimini takomillashtirish, uning sofligini saqlash va muntazam boyitib borish hamda xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini kengaytirish ustuvor vazifa sifatida shakllangan.
Davlat tilini rivojlantirish borasida olib borilayotgan bunday saʼy-harakatlar O‘zbekistonning jahon maydonidagi obro‘-eʼtibori oshishi barobarida o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzi ortishiga ham sabab bo‘lmoqda. Xususan, hozirgi kunda dunyoda o‘zbek tilida so‘zlashadiganlar soni ortib borayotgani, jahonning ko‘plab oliy taʼlim muassasalarida va maktablarida o‘zbek tili darslari o‘qitilayotgani, o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan xorijlik olim hamda tadqiqotchilar soni yil sayin ko‘payayotgani buning isbotidir.
O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (hozirgi Turkiy davlatlar tashkiloti)ga aʼzo bo‘lgani esa nafaqat iqtisodiy-siyosiy, balki turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzi oshishiga xizmat qiladi, albatta. O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkilot Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etdi. Ona tilimiz BMTning yuksak minbarida, yirik sammit va uchrashuvlarda baralla yangramoqda. Zero, ona tilimiz asrlar davomida juda katta hayotiy tajriba asosida shakllangan va sayqal topgan beqiyos xazinadir. Al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari mutafakkirlarimiz undan bahramand bo‘lib, dunyo tamadduni rivojiga munosib hissa qo‘shganlar.
Tarixga nazar tashlasak, Maʼrifatparvar jadidlarimizning o‘zbek tilining sofligini saqlash, uni boyitish, til taʼlimi borasidagi dadil qadamlariga guvoh bo‘lamiz.
Mustabid tuzum davrida o‘zbek tilining mavqeini pasaytirishga urinishlar ko‘p bo‘lganidan xabardormiz. Maʼrifatparvar adib Abdulla Qodiriy “O‘zbek tili kambag‘al til emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar”, deya xitob qilgan edi. Hali-hanuz adabiyotshunoslar o‘zbek romanchiligining asoschisi bo‘lgan Qodiriy asarlarining jozibadorligi, umrboqiyligi uning tilidadir, deb eʼtirof etishadi.
Ona tilimiz taraqqiyoti haqida so‘z yuritganda, albatta, globallashuv jarayonida uning sofligini saqlash masalasiga ham eʼtibor qaratishimiz lozim bo‘ladi. Xususan, reklama va targ‘ibot materiallarida, tashqi reklamalar, televideniye, radio, ijtimoiy tarmoqlar orqali berilayotgan reklama-roliklardagi xatoliklar, hatto ayrim tadbirlarda mavzu va shiorlarning g‘alizligi kishi taʼbini xira qiladi. Baʼzida yozuvda imlo qoidalariga to‘la amal qilmaslik, so‘zlashuvda turli tillarga oid atamalarning qorishib ketishi, so‘z va iboralarni noto‘g‘ri, o‘rinsiz ishlatish, talaffuzdagi nuqsonlar, bularning barchasi ona tilimiz talqini buzilishiga olib keladigan salbiy vaziyatlardir.
Bunday holatlarga qarshi, eng avvalo, yurtimiz ziyolilari, o‘zbek tili va adabiyoti sohasi mutaxassislari, ijod ahli, yozuvchi va shoirlar, jurnalistlar hamda parlament aʼzolari bong urishimiz kerak. Shundagina tilimizning rivoji va taraqqiyoti yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlar o‘z samarasini har qadamda ko‘rsatadi.
Bugun Yangi O‘zbekistonni qurish bo‘yicha olib borayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining hal qiluvchi bosqichiga kirmoqda. Bu yo‘lda ona tili milliy o‘ziga xoslik va g‘urur timsoli sifatida, shubhasiz, biz uchun katta kuch hamda ilhom manbai bo‘lib xizmat qilishi lozim.
Qobul TURSUNOV,
Oliy Majlis Senatining
Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2025-yil 23-oktabr sonidan olindi.