607 23.10.2025
Ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal taraqqiy etib borayotgan bugungi sharoitda dunyoning rivojlangan mamlakatlarida davlat hamda jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot, sanoat, ijtimoiy himoya, taʼlim, tibbiyot, bandlik, qishloq xo‘jaligi, mudofaa, xavfsizlik, turizm va boshqa sohalarda zamonaviy axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish urfga kirmoqda.
O‘zbekistonda ham axborotlashtirish hamda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish orqali 2030-yilga qadar innovatsion taraqqiy etgan yetakchi davlatlar qatoridan o‘rin egallash ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Zero, uchinchi Renessansning poydevori qurilayotgan ekan, uni yuksak texnologiyalarsiz, xususan, sunʼiy intellektsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Qolaversa, XXI asr taʼlim sohasida tub o‘zgarishlar yuz bergan davr sifatida tarixga kirmoqda. Ayniqsa, so‘nggi o‘n yillikda texnologiyalarning jadal rivojlanishi, raqamli vositalarning hayotimizga chuqur kirib borishi oliy taʼlim tizimini global miqyosda transformatsiya qilishni taqozo etayotir. Ushbu jarayonda eng asosiy kuchlardan biri sunʼiy intellekt (SI) texnologiyalaridir. Taʼlim tizimida sunʼiy intellektni joriy etish nafaqat o‘qitish usullarini, balki o‘rgatish metodologiyasi, baholash mezonlari, ilmiy tadqiqot yuritish formatlari, talabalar va o‘qituvchilarning o‘zaro munosabatini ham tubdan o‘zgartirmoqda.
Raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash — muhim vazifa
Bugungi kunda dunyodagi yetakchi oliygohlar — Massachusets texnologiya instituti, Stanford universiteti, Oksford va Kembrij universitetlari taʼlim jarayonlariga SIni integratsiya qilgan holda yangi o‘quv modellarini yarata boshladi. Bunday yondashuvlar talabalarga moslashuvchan taʼlim, intellektual repetitorlar, avtomatlashtirilgan baholash hamda individual rivojlanishni taʼminlash imkoniyatini beradi. O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan davlatlarda ham ushbu tendensiyalardan ortda qolmasdan, o‘z taʼlim tizimida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali xalqaro maydonda raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash muhim vazifa sifatida kun tartibiga chiqmoqda.
Sunʼiy intellektning taʼlim sohasidagi jadal rivojlanishi uning dolzarbligini yanada oshirayotir. Ayniqsa, pandemiyadan so‘ng taʼlimning masofaviy shakllari keng tarqalgan bir sharoitda, SI texnologiyalari nafaqat qo‘shimcha qulaylik, balki ehtiyoj darajasiga aylandi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, kelgusi 5 — 10 yil ichida oliy taʼlimning anʼanaviy shakli raqamlashtirilgan va SIga asoslangan formatlarga to‘liq o‘tishi kutilmoqda. Bu esa taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqadi, intellektuallashgan, moslashuvchan va yuqori samaradorlikka ega bilim berish modeli shakllanadi, degani.
Bugungi yosh avlod tezkor, qisqa hamda maqsadli bilim olishni afzal ko‘radi. Ular uchun shaxsiylashtirilgan, avtomatlashtirilgan va interfaol o‘quv muhiti muhim hisoblanadi. Ana shu ehtiyojlarni qondirish uchun SI texnologiyalari eng samarali yechim sifatida qaralmoqda. Shu bois sunʼiy intellekt orqali taʼlim tizimini yangilash masalasi nafaqat texnik, balki pedagogik, ijtimoiy, axloqiy va huquqiy jihatdan ham keng ko‘lamda tadqiqot olib borishni talab qiladigan dolzarb ilmiy masalalardan biri sifatida kun tartibiga chiqayotir. Bu borada oliy taʼlim tizimida yangi yechimlarni shakllantirish, innovatsion yondashuvlarga o‘tish, taʼlim sifatini oshirish, asosiysi, raqobatbardosh, zamonaviy talablarga javob bera oladigan mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sunʼiy intellekt taʼlim jarayonini faqat texnik jihatdan emas, balki metodologik, tashkilotchilik va pedagogik jihatdan ham qayta ko‘rib chiqishga undaydi. Bu texnologiyalar o‘qituvchilarga yangi imkoniyatlar yaratib, ularni maʼmuriy ishdan xalos qiladi, talabalarga esa o‘z qobiliyatlari hamda ehtiyojlariga moslashgan o‘quv kontentini taqdim etadi. Shu orqali taʼlimda sifat, tenglik, shaffoflik va xolislik prinsiplari rivojlanadi.
Taʼkidlash joizki, SI texnologiyalari taʼlimdagi katta maʼlumotlar (Big Data) bilan ishlash, o‘quv jarayonida faollikni monitoring qilish, talabalarning psixologik holatini tahlil etish va ularga mos uslublar orqali bilim berish imkonini ham yaratadi. Bunday yondashuvlar nafaqat taʼlim sifatiga, balki shaxs rivojiga ham ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.
Pedagogik yondashuv va zamonaviy saboq falsafasi
Mamlakatimizda oliy taʼlim tizimi bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinib, raqamli texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Prezidentimiz tomonidan taʼlimning sifatini oshirish, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash va innovasion texnologiyalarni keng joriy qilish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Bu jarayonda SI texnologiyalarining rolini chuqur o‘rganish hamda ularni taʼlim tizimiga to‘g‘ri integratsiyalash strategik ahamiyatga ega vazifalardan biri sanaladi.
Sunʼiy intellekt faqat texnologiya emas, u yangi bilim olish madaniyati, yangi pedagogik yondashuv va zamonaviy taʼlim falsafasini ham talab etadi. Agar biz milliy taʼlim tizimini global taʼlim maydonida munosib o‘ringa chiqarishni istasak, bugun SI orqali taʼlimni isloh qilish masalasiga jiddiy yondashishimiz zarur. Bu jarayon faqat axborot texnologiyalari mutaxassislari uchun emas, balki pedagoglar, iqtisodchilar, siyosatchilar, huquqshunoslar hamda jamiyatning keng qatlamlari uchun ham dolzarbdir. Bu o‘rinda oliy taʼlimda sunʼiy intellektning imkoniyatlari, cheklovlari va istiqbollarini aniqlash, amaliyotga joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, taʼlim sifatini yaxshilashga hissa qo‘shish mumkin. Bu esa nafaqat ilmiy, balki amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan vazifadir.
So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda sunʼiy intellekt sohasiga davlat darajasida alohida eʼtibor qaratilayotgani milliy innovatsiya va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. 2019-yilda Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasida sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor berilgan. Bu strategiya asosida sohaga yo‘naltirilgan moliyalashtirish va kadrlar tayyorlash tizimi yaratildi. Davlatimiz rahbarining sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratishga oid qarorlari bu borada olib borilayotgan chora-tadbirlarning yorqin dalilidir.
Kim bir qadam oldinda yursa, marra shuniki bo‘ladi
Yaqinda islohotlarning uzviy davomiyligi sifatida Prezidentimiz raisligida sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda bugun insoniyat yangi sivilizatsiya bosqichiga — sunʼiy intellekt davriga dadil qadam qo‘yayotgani, bunday texnologiyalar iqtisodiyotdan tortib, taʼlim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqaruv tizimigacha chuqur kirib borayotgani taʼkidlandi. Qolaversa, qaysi soha bo‘lmasin, kim bu jarayonda qattiq izlanib, aniq natija qilsa, bir qadam oldinda yursa, marra shuniki bo‘lishini davlatimiz rahbari alohida qayd etdi.
Darhaqiqat, yil boshida 2030-yilga borib, dunyo iqtisodiyotida sunʼiy intellekt hajmi 15 trln. dollarga yetishi prognoz qilingan bo‘lsa, hozirgi tahlillar bu raqam 20 trln. dollardan ortishini ko‘rsatmoqda. Mamlakatimizda sunʼiy intellekt infratuzilmasiga 100 mln. dollardan ko‘p sarmoya kiritgan investorlarga imtiyozlar beriladi.
Davlatimiz rahbarining IT-parkka tashrifi ham O‘zbekistonning sohadagi maqsadlari aniq ekanligini ko‘rsatadi. Kuni kecha start berilgan “IT-Ragk” loyihasining ikkinchi bosqichi doirasida Saudiyaning “Data Volt” kompaniyasi bilan 150 mln. dollar hisobiga 12 megavattli Data-markaz ishga tushiriladigan bo‘ldi. Keyingi bosqichda yana 3 mlrd. dollar sarmoya hisobiga quvvatlar 500 megavattga olib chiqiladi. Bunday markazlar xarajatining 70 foizi elektr energiyasiga to‘g‘ri kelgani uchun investorlar jozibador elektr tariflari masalasini ko‘targan.
Shu bois sunʼiy intellekt infratuzilmasiga 100 mln. dollardan ko‘p sarmoya kiritgan investorlarga elektr energiyasi narxi 5 sent etib belgilanadi, IT-park imtiyozlari tatbiq qilinadi, import uskunalari bojxona to‘lovidan ozod etiladi. Eʼtiborlisi, bu boradagi ishlar Qoraqalpog‘istondan boshlanadigan bo‘ldi. Bu sohada katta sakrash qilish bilan birga, Qoraqalpog‘iston iqtisodiyoti rivojiga ham munosib hissa qo‘shadi, albatta.
Soha rivoji uchun yangi tizim va ilg‘or yondashuvlar
Olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlash uchun keyingi yildan yo‘ldoshli internet operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ular 5 yilga yer, mol-mulk, foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi. Endilikda vazirlar hamda tarmoq rahbarlarining raqamlashtirishga masʼul o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida sohada sunʼiy intellektni rivojlantirishga ham javobgar bo‘ladi. Shahar hamda tumanlarda ham hokimlarning raqamlashtirish va sunʼiy intellekt bo‘yicha maslahatchisi lavozimi kiritiladi.
Qolaversa, barcha vazirlik va hokimliklarga o‘z tuzilmasida sunʼiy intellektni rivojlantirish bilan shug‘ullanadigan alohida bo‘linma tashkil qilinishi va ular, eng avvalo, ish samaradorligi hamda xizmat sifatini oshirish, ortiqcha xarajat, “yashirin iqtisodiyot” va byurokratiyani qisqartirish kabi masalalarga sunʼiy intellekt orqali yechim topish bo‘yicha aniq vazifalar bilan shug‘ullanishi sohadagi ishlarni yanada jonlantiradi. Yuqori ko‘rsatkichga erishgan, xorijiy til biladigan, texnologik bilimi kuchli 100 nafar mutaxassis AQSH, Yevropa, Singapur, Yaponiya kabi davlatlarga olti oylik kurslarga yuboriladi. Kelgusi yildan vazirlik va hududlarda sunʼiy intellektni joriy etish holatini baholaydigan reyting tizimi ishga tushiriladi.
Prezidentimiz dunyoda sunʼiy intellektga talab ortib borayotgan hozirgi davrda raqobatdosh bo‘lish uchun 3 ta eng asosiy masala — infratuzilma, ochiq maʼlumotlar va kadrlar tayyorlashga eʼtiborni kuchaytirish zarurligini qayd etib, bu yo‘nalishda qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni aniq ko‘rsatib berdi. IT-parkning ikkinchi bosqichi nafaqat texnologik infratuzilmani yaratish, balki O‘zbekistonning raqamli kelajagini shakllantirishda strategik nuqta hisoblanadi. Bu tashabbus natijasida ilg‘or texnologiyalar, sunʼiy intellekt va raqamli mahsulotlar eksporti rivojlanadi, yosh avlod uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochiladi, mahalliy startaplarni global bozorga chiqaradi, hududiy raqamli tenglikni taʼminlaydi, mamlakat iqtisodiyotida yangi drayver sohani shakllantiradi.
Albatta, bunday ulkan maqsadlar jiddiy tayyorgarlik, shaffof boshqaruv, kuchli kadrlar va sifatli infratuzilmani talab qiladi. Eng asosiysi, loyihaning markazida inson, yaʼni bilimli, kreativ va javobgarlik hissiga ega yosh avlod bo‘lishi lozim. Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilayotgan ushbu konsepsiya uzluksiz amalga oshirilsa, O‘zbekiston yaqin yillarda Markaziy Osiyoning raqamli xabiga aylanishi, shubhasiz. IT-parkning bugungi ikkinchi bosqichi ana shu yo‘ldagi tarixiy qadamdir.
Shu o‘rinda qiziq maʼlumot: bir yilda O‘zbekiston sunʼiy intellektga tayyorgarlik bo‘yicha xalqaro indeksda 17 pog‘ona yuqoriladi. Mamlakatimiz dunyoda 70-o‘rin, Markaziy Osiyoda 1-o‘rinda! Bu O‘zbekistonning SI sohasidagi yutuqlari jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilayotganidan dalolat beradi. 2030-yilga qadar mo‘ljallangan sunʼiy intellektni rivojlantirish strategiyasining qabul qilinishi sohadagi uzoq muddatli maqsadlarni belgilab berdi va uning rivojlanishi uchun “Yo‘l xaritasi”ni yaratdi. Raqamli texnologiyalar vazirligida SI bilan ishlaydigan alohida markazning ochilishi davlatning ushbu sohaga bo‘lgan eʼtibori va qo‘llab-quvvatlashini namoyon qiladi.
Davlat boshqaruvi va taʼlim jarayoni modernizatsiyasi
Darhaqiqat, davlat boshqaruvida sunʼiy intellektni joriy etish ko‘plab imkoniyatlarni taqdim qiladi. Masalan, uni vazirlik va idoralar faoliyatiga tatbiq etish orqali qaror qabul qilish jarayonini tezlashtirish, shaffoflikni taʼminlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish mumkin. SI ko‘magida iqtisodiyotni raqamlashtirish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, moliya va boshqa sohalarga joriy etish orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan. Uni taʼlim, sog‘liqni saqlash, transport hamda boshqa xizmat sohalariga joriy qilish orqali aholiga qulayliklar yaratish va hayot sifatini yaxshilashga erishilishi bor gap.
Jumladan, sunʼiy intellekt masofaviy taʼlimni yanada samarali qilishga yordam beradi. SI tizimlari onlayn darslarni tashkil etishda, o‘quvchilarning ishtirokini va faoliyatini kuzatishda, shuningdek, o‘quvchilarga individual yordam ko‘rsatishda qo‘llanilishi mumkin. Bu masofaviy taʼlim jarayonini yanada qulay hamda samarali qiladi. Sunʼiy intellekt yordamida o‘quvchilarning ijtimoiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan dasturlar yaratish mumkin. Masalan, virtual muhitda o‘quvchilar bir-biri bilan muloqotga kirishish va hamkor bo‘lish imkoniyatiga ega chiqadi. Bu o‘quvchilarning jamoaviy ish ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam beradi.
Sunʼiy intellekt o‘quvchilarning o‘zlashtirish jarayonini tahlil qilishga ko‘maklashadi. Bu ham o‘qituvchilarga o‘quvchilarning muvaffaqiyatlarini va muammolarini aniqlashga imkon yaratadi. Shuningdek, taʼlim jarayonini yaxshilash uchun zarur bo‘lgan o‘zgarishlarni amalga oshirish imkonini beradi. O‘qituvchilar esa o‘z darslarini yanada samarali rejalashtirishlari mumkin.
Sunʼiy intellekt taʼlimda innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi. O‘qituvchilar hamda taʼlim muassasalari yangi texnologiyalarni o‘z ichiga olgan taʼlim usullarini ishlab chiqib, amalga oshirishda SI tizimlaridan foydalanishlari mumkin. Bu taʼlim jarayoni modernizatsiyasida muhim o‘rin tutadi. Sunʼiy intellekt hozirgi axborot asrida nihoyatda dolzarb bo‘lib, insoniyat SI orqali XXI asrning global muammolariga ilm-fanda yangi imkoniyatlarni kashf etish yo‘li bilan ijobiy yechimlarni topmoqda. Ayniqsa, sunʼiy intellektni rivojlantirishda oliy taʼlim muassasalarining o‘rni yildan-yilga ortib borayotir.
Saʼy-harakatlar samarasi qanday?
Shu o‘rinda so‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan sunʼiy intellekt sohasini rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlar natijasi o‘laroq, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida sunʼiy intellekt va raqamli texnologiya masalalari bo‘yicha Rektor maslahatchisi lavozimi joriy etilgan bo‘lib, ushbu lavozimda Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti professori faoliyat olib bormoqda. Universitetda sunʼiy intellekt yo‘nalishida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunda bakalavriat va magistratura mutaxassisligida 359 nafar talaba tahsil olmoqda.
Universitetda sunʼiy intellekt yo‘nalishida fan-taʼlim ishlab chiqarish integratsiyasi yo‘lga qo‘yilgan, bu borada 30 ga yaqin nufuzli idora hamda muassasalar, iqtisodiyot tarmoqlari bilan innovatsion hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan, xorijdan soha mutaxassislari hamda nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan professor-o‘qituvchilar dars mashg‘ulotlariga jalb qilib kelinmoqda. Xususan, zamonaviy tarzda jihozlangan “Sunʼiy intellekt laboratoriyasi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, “oliy taʼlim — fan — ishlab chiqarish integrasiyasi”ni taʼminlash maqsadida IT-parkda Sunʼiy intellekt kafedrasining filiali ochilgan bo‘lib, unda sohaning yetakchi amaliyotchi mutaxassislari tomonidan amaliy mashg‘ulot darslari olib borilayotir.
Yangi O‘zbekistonda sunʼiy intellektni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatni raqamli transformatsiyaga olib chiqishda asosiy drayver vazifasini o‘tamoqda. Bu jarayon inson resurslarini rivojlantirishi barobarida, iqtisodiyotni modernizatsiya qilib, xalqaro raqobat-bardoshlikni oshiradi. Shu bilan birga, kelajak oliy taʼlimi: sunʼiy intellekt orqali taʼlim tizimini yangilash yo‘nalishlari sifatida innovatsiyalarga asoslangan jamiyat barpo etish hamda texnologik mustaqillikni taʼminlashda muhim omil hisoblanadi.
To‘lqin TESHABAYEV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori,professor.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2025-yil 23-oktabr sonidan olindi.