Milliy o‘zlikni anglash, maʼnaviy birlik kafolati


551     23.10.2025

Til – bu millatning ruhiy quvvati, tarixiy xotirasi va maʼnaviy yodgorligidir. U xalq tafakkurining inʼikosi, milliy qadriyatlar, urf-odatlar va madaniyatni asrab keluvchi kuchdir. Shu sababli, davlat tili masalasi har qanday mustaqil mamlakatda strategik ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda ona tiliga eʼtibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. 2025-yil 20-oktyabr kuni Prezident tomonidan imzolangan “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror ushbu yo‘nalishda yangi bosqichni boshlab berdi.

Qaror o‘zbek tilining davlat boshqaruvi, taʼlim, ilm-fan, madaniyat, axborot texnologiyalari va xalqaro aloqalardagi rolini kuchaytirishga qaratilgan bo‘lib, asosiy maqsadi davlat tilini jamiyat hayotining barcha jabhalarida to‘laqonli qo‘llash, uning zamonaviy taraqqiyot talablariga mos rivojini taʼminlashdir.

Shu maqsadda: davlat organlarida “til maslahatchisi” lavozimi joriy etiladi. Bu, avvalo, hujjat yuritish madaniyatini yuksaltirish va tildan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha metodik yordam ko‘rsatishga xizmat qiladi. Maktabgacha taʼlim va maktablar uchun yangi darsliklar, “Mening ilk izohli lug‘atim” kabi bolalar uchun qiziqarli o‘quv qo‘llanmalar yaratiladi. Oliy taʼlimda malaka oshirish kurslari tashkil etilib, o‘qituvchilarning o‘zbek tilini chuqur o‘qitish salohiyati oshiriladi. Shuningdek, sunʼiy intellektga asoslangan elektron platformalar orqali o‘zbek tilining raqamli rivoji yo‘lga qo‘yiladi. Bu tilni global axborot makoniga olib chiqish uchun muhim qadamdir.

Davlat tili haqida qabul qilingan yangi qaror – bu shunchaki til siyosatini tartibga soluvchi hujjat emas, balki milliy o‘zlikni anglash, maʼnaviy birlik va intellektual taraqqiyot sari qo‘yilgan muhim qadamdadir. O‘zbek tilining rivoji xalqimizning maʼnaviy qudrati, uning kelajakka ishonchi va mustaqil tafakkurining ifodasidir. Shu bois, bugungi islohotlar faqat til sohasini emas, balki butun jamiyat tafakkurini yangilash, yosh avlodni vatanparvarlik va milliy g‘urur ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Shahnoza JOLDASOVA,
"Milliy tiklanish" fraksiyasi a'zosi