891 24.10.2025
Yangi O‘zbekistonda nihoyat, aholi va tadbirkorlik subyektlariga foizsiz, adolat va sheriklik tamoyillariga asoslangan bank xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida islomiy moliya tizimi joriy qilinmoqda... Agar 2020-yili Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib, Toshkentda «IsDB Group» sherikligida Islom moliya markazi tashkil etildi. Ko‘p o‘tmay, bir qator tijorat banklarida islomiy moliya xizmatlari ko‘rsatila boshlandi.
Albatta, bular yangi tizimning dastlabki qadamlari edi. 2024-yilning 20-avgustidagina bu borada yakuniy qaror qabul qilindi. Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotidan keyin bir qator qonunlarga o‘zgartish kiritish va yangilarini ishlab chiqish bo‘yicha Farmon qabul qilindi. Unda islomiy mahsulotlar, xizmat va banklar faoliyatining huquqiy asosini yaratish, soliqqa tortishning o‘ziga xos xususiyatlarini belgilash hamda jalb etilgan omonatlarni himoya qilishni nazarda tutuvchi islom moliya sini joriy qilish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalar ham berildi.
Shundan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, parlament quyi palatasiga kiritildi. Loyihada Fuqarolik va Soliq kodekslari, shuningdek «Markaziy bank», «Banklar va bank faoliyati», «Davlat boji», «Davlat xaridlari», «Iste’mol krediti» kabi qator qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilganini alohida ta’kidlash joiz.
Loyihaga muvofiq, banklar islomiy moliya faoliyatini amalga oshirish uchun alohida litsenziya olishi lozim va bu ularga bir vaqtning o‘zida ham an’anaviy, ham islomiy moliya operatsiyalarini ko‘rsatish imkonini yaratadi. Shu bilan birga, islomiy banklar uchun savdo faoliyatida ishtirok etish va yuridik shaxslar ustav kapitalida ishtirok etishga doir ayrim cheklovlar ham yengillashtirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, ushbu qonun loyihasida banklarga foydani bo‘lish sharti asosida mijozni moliyalashtirish yoki pul mablag‘larini investitsiya omonatlariga jalb etish (muzoraba), nasiyaga tovar sotish orqali mijozni moliyalashtirish (murabaxa), tovarlar uchun oldindan haq to‘lash orqali mijozni moliyalashtirish (salam), sheriklik yoki yuridik shaxslarning ustav kapitalida ishtirok etish orqali moliyalashtirish (mushoraka), mol-mulkni sotib olish huquqi bilan ijaraga berish (ijara) va vakillik shartnomasi orqali pul mablag‘larini berish yoki investitsiyaviy omonatlarga jalb etish (vakala) vakolatlarini berish nazarda tutilgan. Qonunda islomiy moliya kengashlari tashkil etilib, uning vazifalari ham belgilanyapti.
Tahlilchilarning fikricha, bunday tizim Malayziya, Turkiya, BAA va Bahraynda muvaffaqiyatli tajribadan o‘tgan. Ta’kidlash joiz, Markaziy bank tomonidan AAOIFI (Accounting and Auditing Organization for Islamic Financial Institutions) talablari asosida milliy islomiy moliya tartiblari ishlab chiqiladigan bo‘ldi. Ushbu tizim va uning qulayliklari haqida gap ketganida ushbu tashkilotning o‘ziga xos tarixi borligini, u 1991-yilda Bahraynda tashkil etilib, unga hozirda 45 dan ortiq davlat a’zolikka qabul qilinganini aytish mumkin.
Qonun loyihasida islomiy moliya instrumentlarini soliqqa tortishning o‘ziga xos xususiyatlari ham belgilab qo‘yilmoqda. Jumladan, islomiy bank operatsiyalari bo‘yicha QQSdan ozod etish, islomiy faoliyatdan olingan daromadni foizli daromad sifatida tan olish, islomiy ijara shartnomalarini moliyaviy ijara bilan tenglashtirish shular jumlasidandir.
Shuningdek, an’anaviy banklardagi kabi aholi omonatlarini kafolatlash mexanizmi ham islomiy banklarga tatbiq etiladigan bo‘lyapti. Kredit tashkilotlari uchun islomiy moliya standartlarini tasdiqlash esa Markaziy bank boshqaruvi vakolatiga berilmoqda.
Ushbu soha va xorijiy davlatlar tajribasinining ko‘rsatishicha, Bahrayn, Turkiya va Qozog‘istonda islomiy moliya xizmatlari faqat islomiy banklar tomonidan ko‘rsatilishi ma’lum bo‘lmoqda. Malayziya, Indoneziya, Buyuk Britaniya, BAA, Pokiston, Filippin, Tojikiston va Qirg‘izistonda esa islomiy banklar bilan bir qatorda islomiy «darcha» orqali an’anaviy bank xizmatlari ham amalga oshirilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda ham islomiy moliya tizimining huquqiy asoslari yaratilayotganini bu iqtisodiyotning yangi «segment»ini yaratish, fuqarolarning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish va xalqaro tajriba bilan uyg‘unlashtirish sari tashlangan muhim qadamdir. Biz uchun esa bundan ham muhim jihati shundaki, ushbu qonun loyihasi partiyamizning mamlakatimizda islomiy moliya tizimini joriy qilish tashabbusi amalga oshayotganini ko‘rsatadi.
Sherzod Qulmatov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
«Milliy tiklanish» gazetasining 22-oktyabrdagi sonidan olindi