Ozarbayjonda tashabbusimiz qo‘llab-quvvatlandi


592     24.10.2025

Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo siyosiy partiyalari xalqaro konferensiyasi (ICAPP)ning 44-Doimiy komissiyasi yig‘ilishi hamda ICAPP huzuridagi Osiyo Madaniy Kengashining 40 dan ortiq davlat vakillari, siyosiy partiyalar yetakchilari va xalqaro tashkilotlar mutaxassislari ishtirokidagi 4-yig‘ilishida yangi davrda madaniyatning o‘rni va roliga yangicha nazar bilan qarash zarurligi yana bir bor ta’kidlandi. Ushbu yirik xalqaro anjuman hech bir ikkilanishlarsiz madaniyat va siyosat uyg‘unligining amaliy ifodasi, zamonaviy geosiyosiy sharoitda Osiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro yaqinlik va hamkorlikka mustahkam zamin yaratgan muloqot maydoniga aylandi, desak  xato bo‘lmaydi.

Global raqobatlar kuchayib borayotgan zamonda ushbu tadbir madaniyat tobora ko‘proq strategik resursga, xalqlar va davlatlar o‘rtasida ishonch ko‘prigiga aylanayotganini yana bir bor uqtirgandek bo‘ldi. Zero, madaniyat orqaligina millatlar o‘rtasida birdamlikni mustahkamlash, qadriyatlar mushtarakligini anglash va global tahdidlar qarshisida o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash mumkin.

Ozarbayjon esa aynan shu masalada o‘zining qadimiy madaniyati, millatlararo totuvlik borasidagi boy tajribasi hamda zamonaviy yondashuvlari bilan ilg‘or model yaratmoqda. Ushbu tajriba, shubhasiz, O‘zbekistondagi siyosiy partiyalar, xususan «Milliy tiklanish» uchun ham o‘rnak bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

ICAPP doirasida ilgari surilgan fikrlar va tashabbuslar esa madaniyat endi faqat o‘tmishning xotirasi emas, balki kelajakka yo‘l ko‘rsatuvchi strategik yo‘nalish, global muloqotlar va xalqaro siyosiy muvozanatning muhim unsuri ekanini ham namoyon etmoqda. Konferensiyada «madaniyat – bu millatning ruhi, siyosat esa uning ifodasi» degan g‘oya ham ilgari surildi. Bu g‘oya zamirida esa chuqur falsafiy va amaliy qarashlar mujassam bo‘lib, bu partiyamizning mafkuraviy yo‘nalishi bilan ham to‘liq hamohangdir.

«Milliy xilma-xillikdan global birdamlik sari: yangi dunyo tartibida madaniyatning o‘rni» mavzusidagi ushbu anjumanda mubolag‘asiz aytish mumkinki, insoniyatni birlashtiruvchi, turli sivilizatsiyalar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlovchi, xalqlarni o‘z ildizlariga qaytaruvchi ma’naviy falsafa haqida so‘z bordi.

Chindan ham XXI asrga kelib, dunyo tub o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda. Siyosat, iqtisodiyot va texnologiyalardagi keskin raqobat, axborot oqimi kuchayishi hamda g‘oyaviy to‘qnashuvlar insoniyatni asosan moddiy manfaatlar doirasida fikrlashga odatlantirib qo‘ydi. Shunday bir paytda madaniyat – o‘tmish bilan kelajakni, an’ana bilan yangilikni, milliylik bilan zamonaviylikni bog‘lovchi eng muhim ko‘prikka aylanayotir. Bilamizki, Osiyo xalqlari azaldan  ma’naviyat, axloq, urfodat va qadriyatlar uyg‘unligiga asoslangan madaniyatni o‘z hayotining markaziga qo‘ygan. Shu bois, madaniyat siyosatdan, siyosat esa madaniyatdan ayri holda ko‘rilmagan. Zero, madaniyat – millatning ruhidir, siyosat esa o‘sha ruhni ifodalash vosita!

Forumda ilgari surilgan asosiy g‘oyalar orasida madaniyatni siyosat va iqtisodiyotdan ajratilgan soha sifatida emas, balki ularning ma’naviy asosi, milliy o‘zlikni mustahkamlovchi va jamiyat barqarorligini ta’minlovchi kuch sifatida ko‘rish lozim, degan g‘oya ustuvorlik qildi, desak xato bo‘lmaydi. Elektoratimizga ayonki, «Milliy tiklanish» o‘z faoliyatining dastlabki kunlaridan beri bir tamoyilga sodiq bo‘lib kelmoqda: siyosiy islohotlar, iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy barqarorlikning asosi – ma’naviyatdir. Bu o‘z navbatida milliy madaniyatni asrash, uni zamonaviy talablarga mos ravishda rivojlantirish va yoshlar ongida milliy g‘ururni kuchaytirish bilan chambarchas bog‘liq.

Shu ma’noda, ICAPPning nav batdagi yig‘ilishi uchun tanlangan mavzu partiyamizning g‘oyaviy yo‘nalishi bilan to‘la uyg‘un bo‘ldi. Chunki  anjumanda bildirilgan asosiy fikr — madaniyat siyosatning markazida bo‘lishi kerak, degan konsepsiya — mafkuraviy pozitsiyamiz o‘zagini tashkil etadi. Madaniyat – millatning o‘zini anglash shakli. U nafaqat qo‘shiq, adabiyot, kiyimkechak yoki san’atdir, balki xalqning tafakkur uslubi, qadriyat tizimi, hayotga qarash falsafasi hamdir. Shuning uchun ham biz madaniyatni nafaqat himoya qilamiz, balki uni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylantirish tarafdorimiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «ma’naviyatni yuksaltirmay turib, jamiyatni yuksaltirib bo‘lmaydi». Biz uchun bu so‘zlar siyosiy shior emas, balki amaliy dastur hamdir.

Konferensiyaning yana bir muhim jihatlaridan biri – bu forumning madaniyatni mustaqil va ikkilamchi soha sifatida emas, balki siyosat va iqtisodiyotning ma’naviy tamal toshi sifatida talqin qilingani bo‘ldi. Ko‘pchilikka ma’lumki, partiyamiz uchun ham bunday yondashuv – nafaqat nazariy konsepsiya, balki amaliy faoliyat poydevori hamdir. Dasturiy maqsadlarimiz orasida o‘zlikni anglash, madaniy merosni asrash va uni zamonaviylik bilan uyg‘unlashtirish, yoshlar ongida g‘urur, tafakkur va ijtimoiy mas’uliyatni kuchaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlar mavjud. Aynan shu jihatdan partiyamiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar ICAPP doirasida ham e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Xususan: madaniy diplomatiya va madaniyatlararo muloqot bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etish; Milliy an’analarni saqlash va tajriba almashinuvi uchun doimiy ishchi guruh tuzish, Osiyo xalqlarining madaniy merosiga bag‘ishlangan raqamli kutubxona va multimedia arxivini yaratish takliflari — bugungi kun madaniy siyosatining eng dolzarb ehtiyojlariga javob beradi. Bularning barchasi «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari» degan fundamental konsepsiyani mintaqaviy va global miqyosdagi amaliy ifodasi hamdir. Zero, madaniyatni qadrlagan, uni asrab-avaylab zamon bilan hamnafas qilgan davlat — siyosatda mustahkam, iqtisodda barqaror, xalqaro maydonda esa ishonchli va hurmatli hamkor bo‘ladi. Boku anjumani bizga yana bir bor ana shu haqiqatni anglatdi. Biz madaniyatni mafkuraviy qurol sifatida emas, balki ijtimoiy uyg‘unlikni ta’minlovchi kuch sifatida ko‘ramiz. Shu bois, partiyamiz o‘zining har bir tashabbusida madaniy siyosatning tub mohiyatini — millatning o‘zini anglash jarayonini ilgari suradi. Bugunga kelib dunyo madaniyatlar o‘rtasidagi raqobat maydoniga aylandi. Shu bilan birga katta hajmdagi axborot oqimi, ommaviy madaniyat bosimi, globallashuv jarayonlari milliy o‘zlikni saqlab qolish masalasini yanada dolzarb qilib qo‘ydi. Lekin madaniyatni asrash – uni muzey eksponatiga aylantirish emas, balki, uni zamon bilan birga yashashga o‘rgatish kerakligini ko‘rsatyapti.

Shundan kelib chiqib, ICAPP yig‘ilishida «Madaniy merosning raqamli kutubxonasini yaratish» tashabbusini ilgari surdik. Agar biz milliy madaniyatni zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtira olsak, u holda milliy madaniyat faqat o‘tgan asrlar merosi emas, balki kelajak avlod tafakkurining bir qismiga ham aylanadi. Zero, O‘zbekiston bu borada yetakchilik qilish imkoniga ega. Chunki yurtimizdagi qadimiy qo‘lyozmalar, tarixiy yodgorliklar, va, albatta, xalq og‘zaki ijodi kabi beqiyos boyliklarimiz bor. Ularni raqamli formatda saqlash, ilmiy izlanishlar bilan boyitish – bu nafaqat madaniy, balki siyosiy strategiya hamdir.

Osiyo xalqlari orasida madaniy birdamlikni kuchaytirish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va muloqotni chuqurlashtirish esa ICAPPning asosiy maqsadlaridan biridir. Biz shundan kelib chiqib, Osiyo davlatlari o‘rtasidagi madaniy diplomatiya mexanizmlarini tizimlashtirishga qaratilgan doimiy madaniy almashinuv guruhini tuzish taklifini berdik. Bu taklif qabul qilinsa, Osiyo xalqlari o‘rtasida ijodiy hamkorlik, ta’lim, san’at, tarixshunoslik va etnografiya yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish imkoniyati kengaygan bo‘lardi.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, xalqaro konferensiyada muhokama etilgan masalalar partiyamiz uchun o‘ziga xos tajriba maktabi ham bo‘ldi. Mazkur tajriba: xalq bilan ochiq va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, yoshlar ongida milliy qadriyatlarga sadoqat va o‘zlikni anglashni chuqurlashtirish, madaniy siyosatni jamiyat hayotining barcha qatlamlariga tatbiq etish kabi yo‘nalishlarda aniq natijalarga turtki beradi, albatta.

Boku sammiti yana bir haqiqatni ham tasdiqladi: madaniyatga tayanib harakat qilgan davlat siyosatda mustahkam, iqtisodda barqaror, xalqaro hamkorlikda esa ishonchli va hurmatga loyiq bo‘ladi. Shu bois, madaniyat diplomatiyasi bugungi global siyosatning eng nozik, ammo eng samarali vositasiga aylanmoqda.

 

Nargiza HAMIDOVA,
O‘quv-tadqiqot va tahlil markazi direktori,
ICAPP bilan muloqot bo‘yicha partiyaning doimiy vakili
«Milliy tiklanish» gazetasining 22-oktyabrdagi sonidan olindi