Til borki, millat bor!


614     24.10.2025

Dunyoda 6 mingdan ziyod millat va elatlarning jonli tili bo‘lib, shundan atigi 40 tasigina mukammal grammatikaga ega ekan. Ular orasida o‘zbek tilining ham borligi, albatta,  bizning baxtimiz.

Turkiy tillar oilasiga mansub bo‘lgan tilimizning tarixi uzoq asrlarga borib taqaladi. Ona tilimiz o‘zining lug‘at boyligi, go‘zal ohangi va ifodasi bilan ham ajralib turadi. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Qodiriy kabi o‘zbek adabiyotining yetuk namoyandalari o‘z asarlari bilan nafaqat tilimiz rivojiga, sayqallashuviga, balki dunyo tamaddunida o‘zining munosib o‘rnini topishiga ham katta hissa qo‘shishgan. Jumladan, bobomiz Alisher Navoiy bundan bir necha asr muqaddam fors tilini kamsitmagan holda tilimizning jozibadorligi, boyligi va dilbarligini o‘zining asarlari orqali isbotlay olgan.

Afsuski, ana shunday kuchqudratga ega, jozibador tilimiz sobiq sho‘rolar davrida o‘z nufuzini yo‘qotdi, sun’iy qadrsizlantirildi. Mustaqillik yillari arafasida – 1989-yilning 21-oktyabrida ona tilimizga davlat tili maqomi berilishi tom ma’noda tarixiy voqea bo‘ldi.

Albatta, istiqlolga erishganimizdan keyin  o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini yanada mustahkamlash va rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi. Bu borada qabul qilingan qonun va qarorlar, davlat dasturlari tilimiz mavqeini oshirdi. Ammo shunga qaramay, globallashayotgan dunyoda tilimizni turli tahdidlardan himoya qilish, uning sofligini saqlash, zamonaviy talablar asosida rivojlantirish hamon dolzarb vazifa sifatida qolmoqda. Ana shulardan kelib chiqib, quyidagi vazifalarga alohida e’tibor qaratish lozim deb o‘ylayman.

Jumladan, davlat boshqaruvi, ta’lim, fan, madaniyat, ommaviy axborot vositalari va boshqa sohalarda tilning to‘liq va samarali qo‘llanilishini ta’minlash, til madaniyatini oshirish bo‘yicha uning sofligini saqlash, adabiy til me’yorlariga qat’iy rioya qilish va, albatta  nutq madaniyatini oshirish. Bundan tashqari, o‘zbek tili uchun elektron lug‘atlar, tarjima dasturlari, nutqni tanish va tahlil qilish texnologiyalarini ishlab chiqish,  o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilarining malakasini oshirish, zamonaviy metodikalarni qo‘llash, yangi avlod o‘quv qo‘llanmalarini yaratish shular jumlasidandir. Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun esa, o‘zbek tilini chet ellarda o‘rganishni targ‘ib qilish, bu borada xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozim.

Aslida tilimizning davlat tili sifatidagi maqomini oshirish, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tilimizga hurmat ruhida tarbiyalash har birimizning vatanparvalik vazifamiz bo‘lmog‘i lozim.  Zero, til bor ekan, millat ham bor...

 

Akmal AVLIYAQULOV,
Xalq deputatlari Termiz tuman Kengashi deputati
«Milliy tiklanish» gazetasining 22-oktyabrdagi sonidan olindi