661 24.10.2025
Agar tarixga chuqurroq nazar tashlasak, barcha zamonlarda o‘zbek tiliga goh oshkora, goh xufyona tahdidlar bo‘lganini ko‘rish mumkin. Masalan, XV asrda tilimizni kamsitib, avom tili sifatida baholab, unda ijod ham qilib bo‘lmaydi, deganlar ko‘p bo‘lgan.
G‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy esa o‘zining eng sara asarlarini o‘zbek tilida yozib, «Muhokamat ul-lug‘atayn»da turkiy tilning forsiydan kam emasligini, aksincha, balandroq ekanini aniq dalillar asosida isbotlagan bo‘lsa, Abdulla Qodiriy bobomiz o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning qarashlarini chilparchin qildi. Sovet zamonida esa tilimizni yo‘q qilishga bo‘lgan oshkora urinishlar shunchalik ko‘p bo‘ldiki, hatto 36 yil oldin unga davlat tili maqomi berilgan bo‘lsada, hamon uning sobiq kompartiya davridagi og‘riqlaridan qutila olganimizcha yo‘q.
Keyingi yillarda o‘zbek tiliga yana bir jiddiy tahdid paydo bo‘ldi: bu tilimizning Internet tiliga aylanmayotgani va o‘zidan yuqori mavqedagi tillar soyasida qolib ketayotganidir. Albatta, buning oldini olish uchun e’tiborga molik ishlar qilinyapti. Xususan, Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan xalqaro internet ensiklopediyasi – «Vikipediya»da o‘zbekcha ma’lumotlar hajmi keskin oshib, Markaziy Osiyoda yetakchilikni qo‘lga oldik. Lekin bunday sa’y-harakatlarni to‘xtovsiz amalga oshirmasak, yana depsinib qolishimiz tayin.
2020-yilning oktyabrida qabul qilingan «2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi»da davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilab berilgani ham shundan edi. Tilimizga bo‘lgan tahdidlar haqida gap ketganida tilimizga shiddat bilan kirib kelayotgan chet el so‘zlarini eslashimiz kerak. Agar bularga ma’lum to‘siqlar qo‘yilmasa, bunday so‘zlarni o‘zbekcha muqobilini topish ishlariga befarq bo‘lsak, tilshunos olimlarimiz ta’kidlaganlaridek, tez orada tilimizning nufuzini yo‘qotib qo‘yamiz.
To‘g‘ri, ayrim yoshlarning ona tilimizni chetga surib, xorijiy tillarni o‘rganishga kuch berayotganlari ham ma’lum ma’noda tilimiz mavqeining pasayishiga sabab bo‘lyapti. Chunki tilning obro‘-e’tibori o‘sha tilda so‘zlashuvchi aholi ko‘pligi bilan o‘lchanadi. To‘g‘ri, xorij tillarini o‘rganish yaxshi va bu faqat foyda keltiradi bizga. Lekin bu o‘z tili va qadriyatlarini chetga surish hisobiga amalga oshmasligi kerak. Demak, yuqoridagi misollardan shunday xulosaga kelish mumkinki, ona tilimizni asrabavaylash, nufuzini oshirish va dunyoga tanitish har birimizning vatanparvarlik burchimizga aylanishi kerak. Zero, ma’rifatparvar bobomiz ta’kidlaganidek, «Har bir millatning dunyoda borlig‘in ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur». Ya’ni, tilsiz xalq bo‘lmaydi, xalqsiz esa tilning mavjud bo‘lishi mumkin emas.
Go‘zal SAMIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
«Milliy tiklanish» gazetasining 22-oktyabrdagi sonidan olindi