Sun’iy intellekt va davlat tili


695     24.10.2025

XV asrda Alisher Navoiy o‘zbek tilining ma’naviy qudrati, so‘zning yuksak ruhini namoyon etgan bo‘lsa, XXI asrga kelib, xalqimiz tilning yangi tiklanish nuqtasiga – sun’iy  intellekt (SI) va raqamli dunyo bilan uyg‘unlashuviga guvoh bo‘lyapti.

Ha, chindan davr ham, qarashlar va imkoniyatlar ham boshqa bugun. Ilgari faqat inson idroki bilan yechim topadigan muammolar endi algoritmlar va neyron tarmoqlar orqali hal etilmoqda. Texnologiya shu qadar shiddat bilan rivojlanyaptiki, bir necha daqiqa ichida ulkan tahlil, tarjima, yozuv yoki qaror qabul qilish jarayonlari amalga oshmoqda.

Bugun so‘z faqat qog‘ozda emas, ma’lumotlar to‘plamida, kod va algoritmlarda, axborot platformalarida ham yashay boshladi. So‘z va texnologiyaning bunday hamnafasligi millat tafakkurining yangi qirrasini ochmoqda. Shu ma’noda, til va SI munosabati — bu shunchaki texnik masala emas, balki milliy taraqqiyot, ma’naviyat va intellektual mustaqillikning strategik yo‘nalishi hamdir. So‘nggi yillarda dunyo xalqlari sun’iy intellektni milliy iqtisodiyot, boshqaruv, fan va ta’lim tizimlariga joriy etishda ham bellashmoqdalar.

Bugun AQSH, Xitoy, Yaponiya va Yevropa davlatlari milliardlab dollarlik iqtisodiy samarani aynan shu orqali qo‘lga kiritmoqda. Ammo bu raqamlar ortida yana bir muhim omil — milliy tildagi ma’lumotlar maydoni mujassamdir. Chunki SI inson tafakkurini emas, ma’lumotni tahlil qiladi. Ya’ni, uning «aqli» ma’lumotlar bazasiga bog‘liq. Demak, o‘zbek tilida yetarli miqdorda raqamlashtirilgan axborot bo‘lmasa, u holda sun’iy intellekt orqali o‘zbek tilida fikrlash, yozish, izlanish yoki yangilik yaratish imkoniyati cheklanadi.

Shu nuqtayi nazardan, davlat tilining raqamli makondagi mavqeini mustahkamlash — bugungi milliy siyosatning uzviy qismiga aylandi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 20-oktyabrda qabul qilingan «Davlat tilini yanada rivojlantirish choratadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ana shu yo‘nalishdagi yangi bosqichni boshlab beradi, deyish mumkin.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan «O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi» ham bizni raqamli islohotlarning yangi bosqichiga olib chiqmoqda. Hujjatda SI asosida yaratiladigan mahsulot va xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish, davlat xizmatlarida sun’iy intellekt ulushini oshirish, 10 ta ilmiy laboratoriya tashkil etish kabi muhim vazifalar belgilab berildi. Shu o‘rinda O‘zbekiston 2024-yilda SIga tayyorlik bo‘yicha global indeksda 17 pog‘ona yuqorilab, 70-o‘rinni egallaganini ushbu yo‘nalishlardagi islohotlar natijasi deb atash mumkin.

Shuningdek, qarorda davlat tili imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uning axborot texnologiyalari va SI tizimlariga integratsiyalashuvini ta’minlash, elektron lug‘atlar, atamalar reyestri va milliy til platformasini yaratish vazifalari belgilab berildi. Bu esa nafaqat til siyosatida, balki raqamli suverenitetni ta’minlash sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi.

Ma’lumki, Prezident qaroriga muvofiq, 2026-yilning may oyiga qadar Raqamli texnologiyalar vazirligi va Fanlar akademiyasi hamkorligida o‘zbek tilini SI yordamida qo‘llab-quvvatlaydigan milliy platforma yaratilishi belgilab qo‘yildi. Bu tizim kelgusida davlat xizmatlari, ta’lim, Ommaviy axborot vositalari va ilmiy tadqiqotlarda o‘zbek tilining faol qo‘llanilishiga ham zamin yaratadi. Shuningdek, yangi atamalarni jamoatchilik muhokamasi orqali tasdiqlash, elektron lug‘at va «jonli so‘z boyligi»ni yaratish bo‘yicha ham qator ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda har bir ilmiy muassasa, nashriyot, ta’lim tashkiloti va eng muhimi, yoshlarning faol ishtiroki muhim ahamiyatga ega.

O‘zbek tili bugun nafaqat adabiyot yoki ma’naviyat tili, balki innovatsiyalar va intellektual rivojlanish tiliga aylanish ostonasida turibdi.

Sun’iy intellekt sohasida milliy tilning mavqeini mustahkamlash – bu davlat siyosati darajasidagi vazifadir. Chunki tilni raqamli dunyoda ham mustahkamlay olgan millat, o‘z tafakkuri va o‘z istiqbolini ham mustaqil shakllantiradi.

Prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi ham faol ishtirok etmoqda. Yaqinda partiya Markaziy kengashida «O‘zbek tili – sun’iy intellekt davrida: milliy ma’lumotlar maydoni sari» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda deputatlar, vazirlik va idoralar vakillari, olimlaru, talabalar ishtirok etishdi. Suhbat davomida «O‘zbek tili korpusi»ni rivojlantirish, ya’ni o‘zbek tilidagi elektron ma’lumotlar to‘plamini boyitish, uni axborot tizimlariga integratsiya qilish masalalari muhokama etildi.

Partiya tashabbusi bilan davlat tilidagi ma’lumotlar maydonini kengaytirish va sun’iy intellektni milliy til asosida rivojlantirish bo‘yicha «Anglashuv memorandumi» ham imzolandi. Unga ko‘ra, internetda o‘zbek tilidagi ma’lumotlarni ko‘paytirish, lug‘atlar va atamalar bazasini yaratish, yoshlar orasida til va raqamli madaniyat mavzusida tanlovlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

 

Dilnoza Azizova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
«Milliy tiklanish» gazetasining 22-oktyabrdagi sonidan olindi