544 29.10.2025
Ko‘hna qitʼaning 27 davlatini birlashtirgan Yevropa Ittifoqi bugun dunyodagi eng rivojlangan mintaqaviy tuzilma hisoblanadi. Ittifoqning jahon iqtisodiyotidagi o‘rni alohida ahamiyatga ega. Bugun dunyoda ishlab chiqarilayotgan ichki mahsulotning 28 foizi Yevropa Ittifoqi hissasiga to‘g‘ri keladi. Eksport-importdagi ulushi 21 foizga, yalpi ichki mahsulot hajmi esa 20 trillion dollariga teng bo‘lib, xarid qobiliyati bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadigan iqtisodiyotdir. Dunyoda eng katta daromadga ega bo‘lgan 500 ta yirik kompaniyaning 200 ga yaqini ham aynan ittifoq hududida joylashgan. Ushbu maʼlumotlardan ko‘rinib turibdiki, barcha davlatlar YEI bilan yaqin hamkorlik o‘rnatishdan manfaatdor, jumladan, O‘zbekiston ham.
Taʼkidlash lozim, Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston tashqi siyosatida salmoqli o‘ringa ega. So‘nggi yetti yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga ko‘paydi. Yevropa sarmoyasi ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni esa mingtadan oshdi. Bu ko‘rsatkichlar yevropalik investorlarning Yangi O‘zbekiston islohotlarga bo‘lgan ishonchi namunasidir.
Prezidentimizning 23-24 oktyabr kunlari Bryusselga qilgan rasmiy tashrifi doirasida imzolangan “Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida”gi bitim esa, shubhasiz, O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi hamkorligini tom maʼnoda yangi tarixiy bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonning ko‘p vektorli tashqi siyosatining amaliy natijasi sifatida baholanayotgan ushbu hujjat deyarli barcha sohalarni qamrab olgani bilan ahamiyatlidir. Bu dunyoga tobora keng integratsiyalashayotgan O‘zbekiston uchun yangi sarmoya va qo‘shma korxonalar, zamonaviy texnologiyalar, xalqimiz uchun esa qo‘shimcha ish o‘rinlari va yuqori daromad deganidir. Yana bir muhim jihati: ushbu tarixiy hujjat O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning Yevropa bozorlariga ham erkin kirib borishi uchun huquqiy asos yaratadi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif doirasida Yevropa Ittifoqining “Global darvoza” ikkinchi forumida ishtirok etdi. Yevropaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuvda esa energetika, kimyo, muhim minerallar, logistika, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlarida umumiy qiymati 10 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi. Bu Yevropa kompaniyalari ishtirokidagi umumiy qiymati 40 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan hozirgi loyihalar portfeliga salmoqli qo‘shimchadir.
YEIning ham O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishga intilayotgani bejizga emas. Qisqa davrda yurtimizning Markaziy Osiyo va jahon miqyosidagi siyosiy o‘rni va nufuzi keskin oshdi. Xalqaro hamjamiyatning Yangi O‘zbekistonga nisbatan ishonch ruhi keskin kuchaydi. Shu jihatdan, mintaqa markazida joylashgan O‘zbekiston bugun nafaqat Markaziy Osiyo iqtisodiyotini rivojlantirishda “drayver” vazifasini o‘tamoqda, balki tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashda ham muhim o‘ringa ega bo‘layotir. Demak, YEI mintaqa davlatlari bilan samarali aloqalarini yo‘lga qo‘yishi uchun avvalo O‘zbekiston bilan yaqin bo‘lishi kerakligini tushunib yetdi.
O‘zbekistonning Yevropa davlatlari eʼtiborini tortayotgan yana bir jihati bu transport yo‘lagi bilan bog‘liq. Yaʼni, YEI O‘zbekistonni Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi asosiy ko‘prik sifatida ko‘rilmoqda. Xitoy – Markaziy Osiyo – Kaspiy dengizi – Janubiy Kavkaz – Yevropa yo‘nalishidagi Transkaspiy yo‘lagining markaziy qismi aynan O‘zbekiston hududida birlashadi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalari yangi sifat bosqichiga chiqdi. Ekspertlar taʼkidlaganidek, ikki tomonlama aloqalar yangicha xarakter kasb etib, turg‘unlikdagi hamkorlikdan o‘zgarishlar davri sherikchiligiga aylanmoqda.
Abdulhakim ESHBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati