428 29.10.2025
Tabiatda har bir narsaning o‘z rangi, hidi va tuzilishi bo‘lganidek, har bir millatni ham bir-biridan ajratib turuvchi asrlar davomida shakllangan muhim belgilari bor. Bu qadriyat va unga asoslangan madaniyat bilan bog‘liq. Bu o‘zlikni ko‘rsatib turuvchi eng muhim omillar hisoblanadi va unga sodiqlikni ko‘rsatib turish uchun doimo “ifor” sochib turish kerak. Aks holda yot madaniyatlar taʼsir kuchayaveradi.
Shu jihatdan, qadriyat – bu millat ruhi va u jamiyatdagi har bir jarayonga maʼno-mazmun, yo‘nalish berib turadi.
Ammo so‘nggi yillarda “erkinlik” va “zamonaviylik” shiorlari ostida milliy qadriyatlarga nisbatan tahdidlar kuchaymoqda. Ayrim kuchlar globallashuv soyasida kishilik jamiyatining anʼanaviy axloq va madaniyat poydevorlarini yemirishga urinmoqda. Bu har bir millat kelajagi uchun jiddiy tahdid hisoblanadi.
Yaqinda bir yigit ijtimoiy tarmoqlar orqali tungi klub reklamasi uchun hayosiz qizlar ishtirokida video tarqatdi. Bunda inson qadri bulg‘anib, uni shahvat manbai sifatida ko‘rsatildi. Afsuski, ayrimlar buni “erkinlik” deya himoyalab chiqdi. Ammo kimdir “Go‘zal ayol – kitob o‘qiydigan ayoldir” mazmunida maʼrifatli ayollarni ko‘kka ko‘tarsa, shubha yo‘qki ko‘pchilik uni zamondan ortda qolganlikda ayblaydi.
Bu ikki xil munosabat – biri buzg‘unchilikni “erkinlik” deb, ikkinchisi esa qadriyatni “cheklov” deb baholashi jamiyat tafakkurida muvozanat buzilayotgani, qadriyatlardan uzilish borligini ko‘rsatmoqda. Demak, bu jarayon haqida jiddiy o‘ylanish vaqti keldi.
Bugun globallashgan dunyoda moddiy manfaatlar ustun qo‘yilar ekan, ayrim siyosiy kuchlar o‘z taʼsir doirasini qadriyatlarni toptash orqali kengaytirishga harakat qilmoqda. Yaʼni, “erkinlik” niqobi ostida insonni hirs va nafsiga qul qilib, yosh avlodni irodasiz manqurtga aylantirish holatlari kuchaydi.
Yaqin tarixga nazar tashlaylik: o‘tmishga aylangan bosqinchi tuzum tomonidan milliy o‘zligimizni yo‘qotishga va yakunda ko‘pmillatli xalqdan “yagona sovet shaxsini yaratish”ga urinishlar bo‘lgani bugun hech kimga sir emas. Bundan bizni milliy mustaqilligimiz va qadriyatlarimiz, asosiysi sodiqligimiz asrab qoldi.
Shunday ekan, biz ham Ona tabiatning bir bo‘lagi sifatida qadriyatimizni asrash, o‘zligimizni saqlash yo‘lida qatʼiy turishimiz lozim. Unutmaylik: millatni mustahkamlovchi kuch bu uning qadriyatidir.
Abdumannon KARIMOV,
partiyaning Toshkent viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari