548 29.10.2025
Shu kunlarda nafaqat Samarqand, butun dunyo YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Maʼlumki, ushbu xalqaro nufuzli tadbir madaniy muloqot, o‘zaro anglashuvga asoslangan hamkorlikni kuchaytirish maqsadida joriy yilning 30-oktyabr 13-noyabr kunlari o‘tkazilishi belgilangan.
Ushbu konferensiya YUNESKOning oliy organi bo‘lib, uning sessiyalari har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi. Tashkilotning o‘tgan 80 yillik tarixi mobaynida Bosh konferensiya sessiyalari faqatgina bir marta, yaʼni 1985-yil Bolgariyaning Sofiya shahrida bo‘lib o‘tgan. Qolgan barcha sessiyalar YUNESKO bosh qarorgohi bo‘lmish Parij shahrida o‘tkazib kelingan.
YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining bosh qarorgohi sifatida aynan Samarqand shahri tanlab olinishi esa bejiz emas. Bunda chuqur ramziy maʼno bor, albatta. Zero, ushbu ko‘hna va hamisha navqiron shahar azaldan tarixiy uchrashuvlar, tamaddunlar muloqoti markazi bo‘lib kelgan. Bu yerda turli madaniyatlar o‘zaro uchrashib, bir-birini to‘ldirib, boyitib borgan.
YUNESKOga aʼzo davlatlarning nufuzli delegatsiyalari ishtirok etadigan 43-sessiyasi kun tartibidan muhim masalalar o‘rin olgan. Sessiya davomida tashkilotining o‘rta muddatli dasturiy maqsad va vazifalarini tasdiqlash, 2026-2027 yillarga mo‘ljalangan byudjetini qabul qilish, YUNESKO tashkil topganining 80 yillik yubileyini nishonlash kabi muhim masalalar muhokama qilinib, nufuzli tuzilma vakolati doirasiga kiruvchi boshqa masalalar ko‘rib chiqiladi hamda YUNESKO yangi Bosh direktori nomzodi tasdiqlanadi.
Mintaqamiz uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu voqeylik sabab yana bir bor dunyo nigohi yurtimizga qaratiladi. Bu esa mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirib, butun dunyo xalqlariga madaniy merosimizni kengroq tanitish imkonini beradi. Muhimi tadbirlar davomida Samarqandning boy o‘tmishi va buguni bilan yaqindan tanishadigan sessiya ishtirokchilarining ko‘hna kent haqidagi tasavvur va qarashlari yanada boyishi shubhasiz.
Rohila ESHONQULOVA,
Xalq deputatlari Samarqand tuman Kengashi deputati