O‘zbekiston — Serbiya munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda


537     30.10.2025

O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1995-yilda o‘rnatilgan. Prezidentimiz taklifiga binoan Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichning mamlakatimizga rasmiy tashrifi davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.

Tashrif doirasida Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichning rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi va ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari Serbiya yetakchisini samimiy qutlab, hamkorlik davridagi birinchi sammit tarixiy ahamiyatga ega bo‘lishini hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishini alohida ta’kidladi.

Muzokaralarda tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, agrosanoat majmui, turizm hamda ko‘plab boshqa muhim tarmoqlarda keng ko‘lamli kooperatsiya dasturini tayyorlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

“Markaziy Osiyo – Bolqon” yo‘nalishida yangi transport yo‘laklarini, jumladan, Transkaspiy koridori doirasida rivojlantirish, hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari surish maqsadida kelgusi yilda Toshkent shahrida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish, tartibli mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik hamda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik boshqa dolzarb masalalar muhokama markazida bo‘ldi.

Muzokaralar yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich Qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. Shuningdek, ikki davlat rahbari huzurida hukumatlararo va idoralararo hujjatlar to‘plamini qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston bilan Serbiya o‘rtasidagi oliy darajadagi muzokaralar yakunida mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik hamda sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga, ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochishga mushtarak intilish ifodasi sifatida Ko‘ksaroy qarorgohida daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Umuman olganda, davlatlarimiz o‘rtasidagi oliy darajadagi muloqot nafaqat ikki tomonlama hamkorlik, balki keng mintaqaviy aloqalar borasida muhim ahamiyat kasb etadi hamda iqtisodiy manfaatlar bilan bir qatorda, mintaqalar o‘rtasidagi siyosiy barqarorlik va diplomatik tenglikka xizmat qiladi.


Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati