“Muzeylar to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi holati: muammo va yechimlar” mavzusida jamoatchilik muhokamasi tashkil etildi


464     30.10.2025

Bugun “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi va O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi hamkorligida “Muzeylar to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi holati: muammo va yechimlar” mavzusida jamoatchilik muhokamasi tashkil etildi.
Partiya fraksiyasi aʼzolari, mahalliy Kengash deputatlari, muzeylar rahbarlari, mutasaddi tashkilotlar vakillari, ekspertlar hamda partiya vakillari ishtirokida o‘tgan tadbirda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda muzeylar faoliyatini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, bu boradagi qonunchilik asoslari, xorijiy tajriba, sohadagi muammo va kamchiliklar bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Bunday tadbir bejiz “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan tashabbus qilinayotgani yo‘q. Partiyaning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturining “Madaniy meros muhofazasi, undan foydalanish, tashkiliy-huquqiy asoslari” yo‘nalishida quyidagi vazifalarni ustuvor etib belgilangan. Jumladan, “Partiya xalqimizning tarixiy, maʼnaviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosi fuqarolar tomonidan asrab-avaylanishi shartligi, davlat tomonidan muhofaza etilishi zarurligini qo‘llab-quvvatlaydi va bu borada huquqiy asoslarni takomillashtirib borishni o‘zining asosiy vazifasi sifatida eʼtirof etadi. Yaʼni, arxeologiya yodgorliklarini ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish, sohaga doir normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi ustida parlament nazoratini taʼminlash bo‘yicha bir qator ustuvor masalalar belgilangan.
Ushbu vazifalardan kelib chiqqan holda, partiya vakillik organlari tomonidan joriy yilning sentyabr-oktyabr oylari davomida respublikaning barcha hududlarida jami 70 dan ortiq muzeylar faoliyati nazorat-tahlil tartibida o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida, Yangi O‘zbekiston islohotlari shiddatiga mos ravishda sohada ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgani qayd etildi. Bunda nafaqat muzeylar sonining oshishi, balki mamlakatimiz taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan tarixiy shaxslarning nomini abadiylashtirish maqsadida, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 10 ga yaqin yangidan barpo etilgan muzeylarni misol keltirishimiz mumkin.
Shuningdek, tadbirda so‘zga chiqqan ekspertlar tomonidan xorijiy davlatlarning muzeylarida saqlanayotgan O‘zbekiston tarixiga oid bo‘lgan noyob eksponatlarni yurtimizga qaytarilgani madaniy merosni asrash va boyitish borasida muhim qadam sifatida eʼtirof etildi.
Shu bilan bir qatorda, soha mutaxassislari tomonidan, 2021-yilda yangi tahrirda qabul qilingan “Muzeylar to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan vazifalarning ijrosi to‘liq taʼminlanmaganligi, xususan, qonunning
3-moddasiga muvofiq hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish, davlat boshqaruvi organlarining mazkur Qonunga zid bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlash, muzeylarning moddiy-texnik bazasini zamon talablariga moslashtirish, sohaga kadr tayyorlash va ilmiy tadqiqot ishlarini rag‘batlantirishga mablag‘lar ajratish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Muzeylar faoliyatini mahalliy hokimiyatlar tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, joylardagi ijro hokimiyati organlarining bu boradagi masʼuliyatini oshirish, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish kabi masalalar ham muhokama qilindi.
Tadbir yakunida muzeylar faoliyati ustidan jamoatchilik va ilmiy ekspertlar nazoratini taʼminlash maqsadida partiya qoshida ishchi guruh tashkil etildi.