184 22.08.2024
Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Nukus shahrida tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha bir qator muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Taraqqiy etgan davlatlarga nazar solsak, har birining rivojlanishi zamirida asosiy omil sifatida tadbirkorlik subyektlari yotadi. Mamlakatimizda yurtboshimiz tomonidan ilgari surilayotgan rivojlanish strategiyasida ham tadbirkorlar asosiy drayver bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xo‘sh, nega keyingi yillarda tadbirkorlarga bu darajada katta e’tibor qaratilmoqda, zarur sharoitlar, qulayliklar yaratilmoqda? Chunki biz bozor munosabatlariga o‘tishni ixtiyor qilgan ekanmiz va maqsadimiz islohotlar pirovardida xalqni farovon turmush tarzini ta’minlash ekan, tadbirkorlik faoliyatini erkinligi davlat tomonidan kafolatlanishi va qo‘llab-quvvatlanishi yagona yo‘ldir.
Buning asosiy sabablaridan biri ular tomonidan yaratilayotgan ish o‘rinlari ijtimoiy masalalarni hal qiladi. Qolaversa, tadbirkorlar to‘layotgan soliqlar budjetni shakllantirib, mazkur mablag‘lar evaziga infratuzilmani rivojlantirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy soha obyektlari moliyalashtiriladi. Bu esa, mamlakatimizning rivojlanishi, aholi turmush farovonligining oshishiga xizmat qiladi.
Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotning navbatdagisi aynan Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgani bejiz emas. Boisi Qoraqalpog‘istonga investitsiya kiritib, biznes qilishning boshqa hududlarga nisbatan 3 ta ustunligi bor.
Birinchisi – Qoraqalpog‘istonda biznes uchun birorta hududda yo‘q imtiyozlar paketi qilib berilgan. Jumladan, so‘nggi besh yilda alohida farmon va qarorlar bilan 52 turdagi imtiyoz va yengilliklar berildi.
Qoraqalpog‘istonning ikkinchi ustunligi – yer ajratishning sodda tizimi joriy qilingan. Nukus shahrida 1 million dollar, qolgan tumanlarda 300 ming dollar investitsiya kiritish sharti bilan Vazirlar Kengashi qarori asosida yer uchastkalari to‘g‘ridan to‘g‘ri berilmoqda.
Uchinchisi esa Qoraqalpog‘iston – bu Yangi O‘zbekistonning darvozasidir. Chunki katta bozorlarga chiqish uchun eng qulay hudud aynan Qoraqalpog‘iston hisoblanadi.
Uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim yangi tashabbuslar ilgari surildi.
Birinchi yo‘nalish – kichik va o‘rta biznes uchun moliyaviy resurslarni ko‘paytirish qilib belgilandi. Bu bejiz emas, albatta. Sababi o‘tgan yili kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun yangi tizim joriy qilingan edi. Bu borada Biznesni rivojlantirish banki va Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etilib, yil boshidan 35 mingdan ortiq tadbirkorlarga jami 3,5 trillion so‘m mikrokreditlar ajratildi.
Muloqotda ushbu tajriba yanada kengaytirilishi belgilandi. Endilikda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashda barcha banklar va mikromoliya tashkilotlari ishtirok etishi mumkinligi va mikrokreditlar miqdori 300 million so‘mga yetkazilishi Prezident tomonidan ta’kidlab o‘tildi. Shu bilan birga, mikromoliyaviy banklar ochilib, faktoring xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.
Qayd etish joizki, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi saylovoldi dasturida bank va moliya tizimiga zamonaviy bozor mexanizmlarini tadbiq etish, xususan an’anaviy kreditlash tizimi bilan birgalikda muqobil kreditlash tizimini joriy etishni maqsad qilgan. O‘tkazilgan so‘rovda tadbirkorlarning 38 foizi islom moliyasi asosida resurs olish istagini bildirgan.
Prezidentimiz mikromoliya tashkilotlariga islomiy shartlar asosida xizmat ko‘rsatishga ruxsat berilganligini ma’lum qildi va tayyorlangan yangi qonun loyihasi qabul qilinsa, islom moliyasi bilan banklar ham ishlashi mumkinligini bildirdi. Bu – yangi moliyaviy xizmatlar taqdim etilishi, ko‘p investorlar kirib kelishi va 5 milliard dollarlik qo‘shimcha resurs paydo bo‘lishiga turtki beradi.
Ochiq muloqotda tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatishga asos bo‘ladigan qonun buzilish holatlari darajasi belgilanmagani ham ko‘rsatib o‘tildi. Oqibatda arzimagan kamchiliklar bilan ham tadbirkorlar faoliyatini to‘xtatib qo‘yish holatlari kuzatilmoqda. Shu bois, 1 noyabrga qadar aholining hayoti va sog‘lig‘iga haqiqiy xavf soluvchi mezonlar reyestri ishlab chiqiladi.
Bular hali hammasi emas. Uchrashuvda tadbirkorlarni jinoiy javobgarlikka tortishni yanada liberallashtirish muhimligi ham ta’kidlandi. Kreditni qaytarishda garovga qo‘yilgan mulkni hisoblashni takomillashtirish va Qoraqalpog‘istonda logistika tarmog‘ini rivojlantirish masalalarini o‘rtaga tashlandi.
Uchrashuvda tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolar ochiq o‘rtaga tashlandi. Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar oddiy tadbirkorning muammosiga yechim bo‘lish bilan birga tizimli muammoning ham yechimidir. Bunda har bir yo‘nalish bir-biri bilan bog‘liq bo‘lib, o‘zaro to‘ldirib turadi.
Ayniqsa, bugungi kunda tadbirkorlar uchun mikromoliya xizmatlarini kengaytirish, faktoring va islomiy moliya tamoyillarini banklarda ham tadbiq etish muhim yangilik hisoblanib, joylardagi tadbirkorlik subyektlarini rivojlanishi va aholi turmush farovonligini yuksalishiga olib keladi.
Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi ularga ko‘tarinki kayfiyat, rag‘bat va ularning o‘zlariga bo‘lgan ishonchni ortishi bilan birga, vatanimiz taraqqiyoti hamda aholi turmush farovonligini oshishi uchun muhim turtki bo‘ldi. Endi belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda ularni parlament nazorati mexanizmi orqali o‘z vaqtida ijrosini ta’minlanishini nazorat qilishimiz lozim.
Jahongir ABDURASULOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi