Milliy kinoni saqlash va raqamlashtirish


641     31.10.2025

O‘zbekiston Kinematografiya agentligida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamda “O‘zbekiston Milliy kinofondi” hamkorligida milliy kino merosini saqlash va raqamlashtirish mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya va kino sanʼati vakillari, madaniyat va arxiv sohasi mutaxassislari, ekspertlar ishtirokida o‘tgan tadbirda milliy kino merosini saqlash, tiklash va raqamlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda rivojlantirish istiqbollari masalalari muhokama qilindi.

“O‘zbekiston Milliy kinofondi” davlat muassasasi 2005-yilda tashkil etilgan bo‘lib, u mamlakatimiz kino merosini saqlash, tiklash va raqamlashtirish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Bugungi kunda fond saqlovida 1500 dan ortiq elektron formatdagi filmlar, 9500 dan ziyod kinotasmalar hamda yuzlab hujjatli va animatsion filmlar mavjud bo‘lib, ular milliy kino sanʼatining noyob boyligi hisoblanadi.

Biroq bugungi kunda ularni saqlash bilan bog‘liq ayrim muammolar sabab, fonddagi filmlarning katta qismi fizik buzilish xavfi ostida turibdi. Shu bois, kinofond faoliyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish va infratuzilmani tubdan yangilash masalasi kun tartibiga chiqmoqda.

Tadbirda ana shulardan kelib chiqib, soha mutaxassislari tomonidan bir qator aniq taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, arxiv filmlarini raqamlashtirish va tiklash laboratoriyasini tashkil etish orqali xorijiy tajriba asosida zamonaviy skaynerlash va restavratsiya uskunalari joriy etilishi kerak. Bu orqali har yili 50-60 ta film raqamlashtirilib, besh yilda barcha kinotasmalar raqamli formatga o‘tkaziladi.

Yagona elektron maʼlumotlar bazasini yaratish ham muhim hisoblanadi va bu bilan barcha kino, foto, audio va hujjatlar elektron katalogga kiritilib, Kinematografiya agentligi axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi. Shuningdek, saqlash infratuzilmasini modernizatsiya qilish, kadrlar malakasini oshirish va bu borada xalqaro hamkorlikni kengaytirish, “Arxiv filmlar zali”ni tashkil etish bo‘yicha ham tashabbuslar bildirildi.

Tadbir davomida o‘zining saylovoldi dasturida kino saʼnatini rivojlantirish bo‘yicha bir qator tashabbuslarni ilgari surgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va Kinematografiya agentligi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Partiya vakillari tomonidan ham milliy kino sanʼati namunalarini saqlash bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish, davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ilmiy qo‘llab-quvvatlovni oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.