Nega bolalar nashrlari e’tibordan chetda qolmoqda?


167     22.08.2024

   Respublika bolalar kutubxonasi faollar zalida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi tashabbusi bilan “Bolalar kitobxonligining bugungi holati: muammo va yechimlar” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi. 
   Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Maktab va maktabgacha taʼlim vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Respublika bolalar kutubxonasi, bir qator nashriyotlar, bolalar yozuvchilari, bolalar va o‘smirlar nashrlari bosh muharrirlari hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.
   Ochiq muloqotda mamlakatimizda 2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Milliy dastur qabul qilinganiga qaramay bolalar va o‘smirlar orasida mutolaa madaniyatini shakllantirish masalasi hamon dolzarb ahamiyat kasb etayotganligi taʼkidlandi. Jumladan, O‘zbekiston PISA o‘quvchilar yutuqlarini xalqaro baholash natijalariga ko‘ra, eng yomon ko‘rsatkichga ega davlatlar o‘ntaligiga kirgani, 81 ta mamlakat ishtirok etgan tanlovning 2-yo‘nalishi, yaʼni  o‘qish savodxonligi bo‘yicha o‘zbekistonlik o‘quvchilar 336 ball bilan 80-o‘rinni egallagani qayd etildi. 
   Taʼkidlanganidek, yosh avlodning maʼnaviy-maʼrifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, nashriyotlar va ijodkorlar faoliyatiga ko‘maklashish, bolalarga mo‘ljallangan adabiyotlarni chop etishni qo‘llab-quvvatlash borasida ham bir qator muammolar mavjud. 
   Bugungi kunda esa O‘zbekistonni kitobxon davlatga aylantirish ustuvor vazifa etib belgilangan. Biroq, tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda 10.5 mln nafar  bola uchun jami 8.5 mln nusxada kitob  chop etilmoqda. Bu esa bir nafar bolaga bir donadan kitob ham to‘g‘ri kelmaydi, degani. 
   Tadbirda “Yangi O‘zbekistonning yangi avlodi tafakkurini kim shakllantirmoqda?”, “Ular tarbiyasini buzishga xizmat qilayotgan adabiyotlar uchun kim javob beradi?”, “Nega bolalar nashrlari e'tibordan chetda qolmoqda?”, “Biz qachon o‘qiydigan millatga aylanamiz?” kabi bir qator savollar muhokama qilindi. Partiyaning deputatlik guruhlari tomonidan 737 ta xonadon aʼzolari o‘rtasida o‘tkazilgan bolalar kitobxonligiga doir ijtimoiy so‘rovlar natijalari eʼlon qilindi. 
   Shuningdek, partiya tomonidan bolalarga mo‘jallangan asarlarning mazmunini o‘rganishga doir tahlillar taqdimoti ham tashkil etildi. Ayni kunda “O‘zbek xalq ertaklari” turkumida ochiq manbalarda eʼlon qilinayotgan bolalarning tarbiyasi, ruhiyati, ongi va tafakkuriga salbiy taʼsir o‘tkazayotgan ayrim ertaklardagi xato va kamchiliklar yig‘ilganlarning qizg‘in bahs va munozaralariga sabab bo‘ldi. Jumladan, o‘zbek xalq ertaklarini ularning tarbiyaviy g‘oyasi nuqtai nazaridan, qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi. 
   Tadbir yakunida bolalar adabiyotini va mutolaasini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash hamda uning mazmuniga doir parlament, deputatlik, jamoatchilik nazoratini taʼminlash maqsadida partiya qoshida doimiy ishlaydigan soha mutaxassislaridan iborat ekspertlar guruhi tashkil qilindi hamda bu kabi ochiq muloqotlarni muntazam o‘tkazib borishga kelishib olindi.
   Muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belginlanib, bildirilgan takliflar partiyaning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturiga kiritilishi rejalashtirildi.
   Sardor MULLAJONOV,
   partiya markaziy kengashi yetakchi mutaxassisi