“Samarqand ruhi” yana dunyoni chorlamoqda


677     31.10.2025

Qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida BMTning Taʼlim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – YUNESKO  Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘z ishini boshladi. 200 dan ziyod davlat va xalqaro tashkilotlarning 3 mingga yaqin delegatlari, shuningdek, 70 ga yaqin yuqori martabali mehmonlar ishtirokida o‘tayotgan xalqaro anjuman so‘nggi 40 yillikda tashkilot bosh qarorgohi Parijdan tashqarida o‘tayotgan ilk konferensiya hisoblanadi.

Anjumanning ochilish marosimida Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqib, konferensiyaning insoniyat tarix solnomasiga gumanistik g‘oyalar, nodir bilimlar, sivilizatsiyalararo muloqot markazi sifatida kirgan Samarqand shahrida o‘tkazilayotganida chuqur ramziy maʼno borligini taʼkidlarkan, Buyuk ipak yo‘li durdonasi, tinchlik va xalqlar do‘stligi diyori bo‘lgan tarixiy shahar bugun ham YUNESKOning boqiy anʼana va qadriyatlaridan kuch olayotgan “Samarqand ruhi” insoniyat taraqqiyoti sari yanada birlashishga undayotganini qayd etdi. Bunday nufuzli forumning yurtimizda o‘tkazilayotgani tashkilotning, dunyo hamjamiyatining Yangi O‘zbekiston islohotlariga bo‘lgan yuksak ishonchi namunasi ham hisoblanadi.

Prezidentimiz tomonidan YUNESKO doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha ilgari surilgan bir qator muhim taklif va tashabbuslar tadbir ishtirokchilari tomonidan mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlandi.

Inklyuziv taʼlim va sunʼiy intellektni rivojlantirish, jahon nomoddiy madaniy merosini saqlash uchun birgalikdagi saʼy-harakatlarni kuchaytirish, xotin-qizlarning yetakchilik qobiliyati oshirish uchun global dasturlarni faol ishga tushirish, iqlim inqiroziga qarshi birgalikda kurashish va virtual makonda noxolis axborotlarni tarqatish, jamoatchilik fikrini chalg‘itish, diskriminatsiyaga qarshi birgalikda samarali choralar ko‘rish shular jumlasidandir.

Bugun dunyoda dinlararo ziddiyatlar tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda bag‘rikenglik, o‘zaro tushunish va totuvlik kabi umuminsoniy g‘oyalarni keng targ‘ib etish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Davlatimiz rahbari ana shu ehtiyojdan kelib chiqib, Islom madaniyati va maʼrifatini dunyoga tarannum etish orqali radikalizm va islomofobiyaga qarshi samarali kurashish mumkinligi taʼkidladi hamda bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilgan noyob loyihalar – Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband tadqiqot markazlari salohiyatidan birgalikda foydalanishga chaqirdi.

Maʼlumki, globallashayotgan va tezkor o‘zgarayotgan dunyoda insoniyat qadriyatlari, o‘zligi, tarixi va madaniyatiga bo‘lgan tahdidlar ham kuchaymoqda. Ayniqsa, borgan sari keskinlashayotgan geosiyosiy vaziyat sayyoramizdagi noyob yodgorliklar, muqaddas qadamjo va bebaho madaniy merosga ham katta zarar yetkazyapti. Ana shunday bir vaziyatda YUNESKOning roli oshayotgani, albatta, eʼtiborga molik. Zero, 1945-yilda ushbu tuzilmani tashkil qilishdan ko‘zlangan bosh maqsad ham taʼlim, fan va madaniyat sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali dunyoda tinchlik hamda xavfsizlikni mustahkamlashdan iborat edi.

Konferensiya yakunida inson kapitaliga sarmoya kiritish, madaniy xilma-xillikni asrash, barqaror rivojlanish maqsadlariga hissa qo‘shish va ilm-fan orqali tinchlikni mustahkamlash kabi g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan “Samarqand deklaratsiyasi” qabul qilinishi kutilyapti. Shu jihatdan, Samarqand konferensiyasi YUNESKOning maqsad va g‘oyalariga qatʼiy sodiqligi namoyish etilgani holda dunyodagi bugungi keskinlikni kuch ishlatmasdan hal qilish orqali global tinchlik va barqarorlikni taʼminlash bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinishi bilan, shubhasiz, muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.  

 

Zuhra MIRG‘OZIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputat