O‘zbekistonning global maydondagi nufuzini yanada yuksaltirgan tarixiy voqea


731     03.11.2025

Insoniyat taraqqiyotining hozirgi bosqichida ta’lim sifatini ta’minlash, ilm-fan salohiyatini yanada rivojlantirish, tarixiy va madaniy merosni asrab-avaylash, masalalari jahon hamjamiyati oldidagi ustuvor vazifalardir. Chunki, taraqqiyot ma’rifat va madaniyatsiz, jamiyat ma’naviyatsiz barqaror rivojlana olmaydi. 

Shu ma’noda BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha ixtisoslashgan tuzilmasi – YUNESKOning ahamiyati  beqiyosdir. 

Har ikki yilda o‘tkaziladigan YUNESKO Bosh konferensiyasi  a’zo davlatlar insonparvarlik siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab, jamiyatlarning intellektual salohiyatini oshirish, madaniy muloqotlarini kengaytirishda muhim o‘rin tutadi. Bu esa, iqtisodiy taraqqiyotning asosiy ustuni bo‘lgan inson kapitali sifatini yanada oshiradi. 

Shunday nufuzli konferensiyaning so‘nggi 40 yil ichida ilk bor YUNESKO Bosh qarorgohidan tashqarida, O‘zbekistonda o‘tkazilishi ham mamlakatimiz, ham mintaqamiz uchun juda katta tarixiy voqea bo‘ldi. 

Albatta, bu so‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan barqaror siyosat, ochiq diplomatiya, tinchlikparvar tashqi aloqalarning dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilishi va yuksak ishonch ko‘rsatilishining yana bir yorqin ifodasidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev konferensiyaning ochilish marosimida YUNESKOning dunyo xalqlarining milliy o‘zligini saqlash, madaniy merosini asrab-avaylash, turli dinlar o‘rtasida yaqin muloqotni kuchaytirishdagi o‘rni va ahamiyatini yuksak baholadi. 

Global vaziyatdan kelib chiqib bir qator dolzarb tashabbus va takliflarni ilgari surdi. Xususan, inklyuziv ta’limni rivojlantirish hamda sohada sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish borasida YUNESKOning Inklyuziv ta’limni rivojlantirish platformasini joriy etish, Jahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish, “Sun’iy intellekt – maktab” namunaviy loyihasini amalga oshirish hamda YUNESKO shafeligida barcha qit’alarning yetakchi oliygohlari, pedagogika va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari ishtirokida Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro ekspertlar anjumanini o‘tkazishni taklif qildi. 

Davlatimiz rahbari jahon nomoddiy madaniy merosini saqlab qolish, tarixiy hujjatlar, madaniy ma’lumotlarni asrash, ularning barcha uchun ochiqligini ta’minlashga qaratilgan YUNESKOning “Jahon xotirasi” dasturini rivojlantirish, ushbu dastur yaratilgan sana 19 noyabrni har yili “Hujjatli meros xalqaro kuni” sifatida nishonlash, YUNESKO tuzilmasiga kiradigan Raqamli meros bo‘yicha xalqaro institutni tashkil etish hamda hunarmandchilik bo‘yicha YUNESKO Ijodkor shaharlar tarmog‘ining a’zosi hisoblangan Buxoroda 2027 yilda xalqaro kongress o‘tkazish taklifini bildirdi.

Xotin-qizlarning yetakchilik qobiliyati va kompetensiyasini ta’minlash, iqlim inqiroziga qarshi birgalikda samarali kurashish hamda virtual makonda noxolis axborotlarni tarqatish, jamoatchilik fikrini chalg‘itish, diskriminatsiyaga qarshi birgalikda samarali choralar ko‘rish bo‘yicha ham bir qator muhim tashabbus va takliflar bildirildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbus va takliflar jahon madaniy merosini saqlash, uning ochiqligini ta’minlash va kelajak avlodlarga ishonchli yetkazish borasida katta amaliy ahamiyat kasb etadi. 

Bular kelajakda ta’limda tenglikni ta’minlash, yosh avlodning kasbiy salohiyatini oshirish, texnologiyalardan mas’uliyatli va samarali foydalanishga xizmat qiladi. 

Insoniyatning tarixiy xotirasini muhofaza qilish, raqamli arxivlashtirish standartlarini takomillashtirish, hunarmandchilik sohasini qo‘llab-quvvatlash hamda madaniy diplomatiyani kuchaytirishga juda katta hissa qo‘shadi.

Odiljon
Mamatkarimov,
Senator

N.Abduraimova, O‘zA